O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan yigit va qizlarni unashtirish marosimlarini o‘tkazish taqiqlanishi mumkin
O‘zbekistonda 18 yoshga to‘lmagan yigit va qizlarni unashtirish marosimlarini o‘tkazish taqiqlanishi mumkin.
Bu borada Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur hujjat loyihasi bilan Oila Kodeksining nikoh yoshi to‘g‘risidagi 15-moddasi quyidagi qoidalar bilan o‘zgartirilmoqda va to‘ldirilmoqda:
- Nikohga kiruvchilar arizasiga ko‘ra homiladorlik, bola tug‘ilishi, voyaga yetmagan shaxsning to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinganda (emansipatsiya) nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin.
- 18 yoshga to‘lmagan yigit va qizlarni unashtirish marosimlarini o‘tkazish taqiqlanadi.
Shuningdek, yon shajara bo‘yicha yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikoh tuzishni taqiqlash maqsadida Oila kodeksining 16-moddasi, ya’ni nikoh tuzishga monelik qiladigan holatlar qatoriga ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchi darajadagi qarindosh shaxslar (ota-onaning aka-uka va opa-singillarining farzandlari) o‘rtasidagi nikohlar ham kiritilmoqda.
Kodeksning nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazishga doir 17-moddasi esa «tibbiy ko‘rikdan o‘tish tartibini buzgan shaxs qonunda belgilangan tartibda javobgar bo‘lishi» haqidagi norma bilan to‘ldirilyapti.
Qolaversa, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-3-moddasiga nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish holatlarida belgilangan jarima miqdoridini ko‘tarish taklif etilmoqda.
Unga ko‘ra, «nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan haqiqatda nikoh munosabatlariga kirishish, – BHMning o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ota-ona yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan nikoh yoshiga yetmagan shaxsni erga berish yoxud uylantirish esa BHMning o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida, shu jumladan nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirish, – BHMning yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Qonunda o‘rnatilgan nikoh tuzish va rasmiylashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan tartib va shartlarni buzish, – BHMning o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter