Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish tizimi ishga tushiriladi

O‘zbekistonda kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish tizimi ishga tushiriladi

2023-yil 1-dekabrdan Respublikada kuchli zilzilalar haqida erta ogohlantirish milliy tizimi bosqichma-bosqich ishga tushiriladi. Bu borada Prezidentning tegishli qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, mazkur milliy tizim doirasida O‘zbekiston va unga chegaradosh hududlardagi seysmik hodisalarning monitoringi real vaqt rejimida yuritiladi.

Zilzila o‘chog‘iga yaqin ikki va undan ortiq seysmik stansiyalarda kuchli (5 va undan yuqori balli) tebranishlar aniqlanganda «Kuchli zilziladan ogohlantirish» mobil ilovasi orqali aholiga qisqa soniyalarda respublikaning aniqlangan hududlarida kuchli zilzila kuzatilishi to‘g‘risida tezkor xabarnoma yuboriladi.

2023-yil 1-avgustdan:

  • «Suv omborlarida seysmologik kuzatuvlarni amalga oshirish elektron platformasi» ishga tushiriladi;
  • suv omborlarida ishlovchi mas’ul xodimlarning seysmologik va seysmometrik kuzatuvlarni amalga oshirish va birlamchi tahlil qilish bo‘yicha har 2 yilda malakasini oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yil 1-yanvardan seysmik faol zonalarda joylashgan shaharlarning bosh rejalari loyihalarini tegishli hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalariga asoslangan holda ishlab chiqish amaliyoti joriy qilinadi.

Hududlarning seysmik mikrohududlashtirish xaritalari Fanlar akademiyasi tomonidan ishlab chiqiladi.

2023-yil 1-iyundan respublika hududlarida mavjud faol tektonik yer yoriqlarining ko‘rsatkichlarini o‘rganish ishlari tashkil etiladi.

2023/2024 o‘quv yilidan bosqichma-bosqich maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim bosqichlarining amaldagi ta’lim dasturlariga Zilzila vaqtida to‘g‘ri harakatlanish qoidalari kiritiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring