Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekistonda «Temu» onlayn savdo platformasi faoliyati taqiqlanadi

O‘zbekistonda «Temu» onlayn savdo platformasi faoliyati taqiqlanadi

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari buzilganligi sababli TEMU elektron savdo platformasi faoliyati mamlakat hududida cheklanadi. Bu haqida Istiqbolli loyihalar milliy agentligi axborot xizmati ma’lum qildi. 

Hukumatning 2024-yil 26-dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 885-son qarorining 2-bandi bilan elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan (ushbu norma qaror rasmiy e’lon qilingan kundan boshlab kuchga kirdi).

Mamlakat fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025 yil 20 martdan boshlab xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, «TEMU» platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.

«Tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, yurtdoshlarimizdan bugungi kundan boshlab «TEMU» platformasida buyurtma bermasliklarini so‘raymiz. Bunda, agar buyurtma bundan oldin amalga oshirilgan bo‘lsa, platformada to‘lovni qaytarishni tashkil etish tavsiya etiladi», – deyiladi rasmiy xabarda.

Agentlik va Soliq qo‘mitasi O‘zbekiston fuqarolarini mamlakat hududida o‘z faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki Soliq ko‘mitasining elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar ro‘yxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini ko‘rishga, shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni bunday sub’yektlarga bermaslikka chaqirmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring