O‘zbekistonda uch oyda 4,5 mingga yaqin kishi oilaviy zo‘ravonlik uchun sudlandi
O‘zbekistonda 2024-yilning birinchi choragida sudlar 4 477 nafar shaxsni oilaviy zo‘ravonlik moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortdi. Bu haqda «O‘zbekistonla demokratiya» axborotnomasining navbatdagi sonida ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59−2-moddasi, ya’ni oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik bo‘yicha 4 343 nafar shaxs jinoiy javobgarlikka, ulardan 2 344 nafari jarimaga tortilgan, 1 999 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Takror yoki og‘irlashtiruvchi holatlar bilan sodir etilgan oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik uchun 134 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 126−1-moddasi bilan sudlangan, shundan 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 83 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.
Bundan tashqari, hisobot davrida O‘zbekistonda 318 nafar shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41−1-moddasiga asosan jinsiy zo‘ravonlik sodir etganligi uchun sudlangan bo‘lib, ulardan 97 nafari jarimaga tortilgan, 221 nafari esa ma’muriy qamoqqa olingan.
Ushbu modda kuchga kirgan 2023-yilning aprel oyidan buyon ushbu modda bo‘yicha sudlanganlarning umumiy soni 984 nafarga yetdi (2023-yilda 666 ta).
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter