O‘zMU jamoasi oliygoh talabasi Ulug‘bek Rashitovni g‘alaba bilan tabriklamoqda
Ulug‘bek Rashitov ikki karra Olimpiya o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek taekvondochisi sifatida tarixga kirdi.
O‘zbekiston Milliy universiteti bergan ma’lumotga ko‘ra, Rashitov universitetning Taekvondo va sport faoliyati fakulteti talabasi hamdir. Universitet ma’muriyati Ulug‘bek Rashitovning Parijda o‘tayotgan yozgi Olimpiadadagi g‘alabasi munosabati bilan unga tabrik yo‘lladi.
«-68 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchimiz finalda iordaniyalik Zaid Karimni 2:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Eng quvonchlisi, Ulug‘bek Rashitov sharafiga Parijda O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
Alohida ta’kidlaymizki, Ulug‘bek otaxon universitetda o‘z iqtidori, salohiyati, bilimi va tarbiyasi bilan ko‘plab talabalarga yaqqol namuna bo‘lib kelmoqda», – deyiladi tabrikda.
O‘z navbatida, oliygoh rahbariyati universitetining ko‘p ming sonli jamoasi, talaba-yoshlari Taekvondo va sport faoliyati fakultetining iqtidorli talabasi, O‘zbekiston iftixori Ulug‘bek Rashitovni ushbu yorqin g‘alaba bilan qizg‘in tabriklashini bildiradi.
Shuningdek, sportchiga kelgusi Olimpiadalarda ham muvaffaqiyatli qatnashib, jahon taekvondosi tarixida ham takrorlanmas rekordlar sohibi bo‘lishini tilaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter