Poytaxt hokimligi qayta qurilayotgan Shota Rustaveli ko‘chasi bo‘yicha ma’lumot berdi

20-may, seshanba kuni Toshkent shahar hokimligida Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ta’kidlanishicha, poytaxtdagi Shota Rustaveli ko‘chasi maxsus yuqori tezlikdagi BRT (Bus Rapid Transit) liniyasiga ega 36 ta transport yo‘laklarining birinchi qismiga aylanadi. Mazkur ko‘chada avtobuslar uchun ajratilgan alohida yo‘lakni yo‘l o‘rtasiga ko‘chirish orqali jamoat transporti tezligini 38 foizgacha oshiriladi.
Shaxsiy avtomobillar oqimini esa 26 foizgacha oshirishi kutilmoqda. Hokimlikka ko‘ra, bu orqali birgina Shota Rustaveli ko‘chasi misolida yiliga qariyb 3,8 mln dollar miqdoridagi mablag‘ iqtisod qilinadi.
Tashkent Invest kompaniyasi rahbari Bahrom Shokirovning loyihani tendersiz Xitoy kompaniyasiga o‘tkazilishi yuzasidan bergan tushuntirishiga ko‘ra, pudratchi davlat kafolatisiz tijorat taklifi orqali tanlab olingan.
«Loyiha bir vaqtning o‘zida to‘rtta xorijiy kompaniyaga taklif qilindi: ikkita xitoy (CSCEC va CITIC) va ikkita fransuz kompaniyalari. Biroq, faqat CSCEC davlat kafolatisiz shartlar asosida ishlashga rozi bo‘ldi. Shuning uchun u bilan shartnoma imzolandi», – dedi Shokirov.
O‘z navbatida, loyiha qurilishidagi tendersiz tanlov uning moliyalashtirilishi bilan bog‘liq savollarni tug‘diradi. Shokirovning aytishicha, «loyiha bo‘lib-bo‘lib amalga oshirilyapti. Bunda pudratchi ishni o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshiradi, davlat esa to‘lovni keyinroq to‘laydi».
Mazkur matbuot anjumanida ishtirok etgan bloger Nikita Makarenkoning yozishicha, Xitoyning China State Construction Engineering Corporation (CSCEC) kompaniyasi qurishi aytilayotgan mazkur loyihaning umumiy qiymati 198 million AQSh dollari va «bu har 1 km uchun 30 million dollar degani». Huddi shunday loyihalar, jumladan, 2017 yilda Olmaotada 1 km uchun 1 mln dollar, 2025 yilda esa 1 km uchun 2 mln dollarni, Bogotada 6 mln dollarni tashkil qilgan.
Biroq poytaxt hokimligi ushbu ma’lumotni rad etib, bu summa nafaqat Shota Rustaveli ko‘chasidagi avtobus yo‘lagi uchun, balki, undagi transport tarmog‘i va tutash hududlarni (piyodalar yo‘laklari, velosipedchilar yo‘laklari, sug‘orish, yoritish, drenaj tizimlari va boshqalar) modernizatsiya qilish bo‘yicha infratuzilmaviy tadbirlarni o‘z ichiga olishini, qolaversa, yana huddi shunday 4 ta ko‘cha rekonstruksiya qilinishini bildirdi.
«Mazkur kelishuv doirasida o‘rtacha 50 million AQSh dollariga teng bo‘lgan ishlarning birinchi bosqichi Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks qayta qurish, shuningdek, Amir Temur xiyoboni, Shahrisabz ko‘chasi va Olmazor tumanida joylashgan boshqa muhim uchastkalarni yangilashni o‘z ichiga oladi», – deyiladi hokimlik munosabatida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter