Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Shavkat Mirziyoyevning asarlari Turkiyada chop etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning asarlari Turkiyada chop etildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev asarlari Turkiyada nashr etildi. “Yeni Özbekistan – geleceği  büyük devlet” (“Yangi O‘zbekiston – kelajagi buyuk davlat”) deb atalgan to‘plam Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi, Kutubxonalar va nashriyotlar bosh boshqarmasi va ushbu mamlakatning Toshkentdagi elchixonasi madaniyat va targ‘ibot bo‘limining tashabbusi bilan professor Firat Purtash boshchiligidagi guruh tomonidan tayyorlandi.

Avval xabar berganimizdek, Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20 fevral kuni Turkiyada Prezident huzuridagi xalq kutubxonasi ochilishida qatnashgan edi.

Mazkur marosimda “Yeni Özbekistan – geleceği  büyük devlet” kitobining ilk nusxasi Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘on tomonidan muallifga taqdim etilgan.

Kitob Turkiya rahbari so‘zboshi bilan chop etilgan. Unda Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘zbekistonlik hamkasbini “qadrli birodar” deb atagan va 100 yil avval istiqlol uchun kurashda turk xalqiga yelkadosh bo‘lgan qardosh millatga minnatdorlik izhor etgan.

Turkiya Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoyga ko‘ra, ikki xalq o‘rtasidagi tobora mustahkamlanib borayotgan qardoshlik rishtalari mazkur to‘plamning yaratilishiga turtki bergan. To‘plamni chop etishdan ko‘zlangan maqsad Onado‘li ahliga – turk kitobxonlariga O‘zbekistonni yanada yaqinroq tanishtirishdan iboratdir.

So‘nggi uch yil ichida O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi qardoshlik munosabatlari strategik sheriklik darajasiga chiqdi. Bunda esa ikki davlat rahbarining do‘stona munosabati muhim ahamiyat kasb etdi. Uch yil ichida prezidentlar 7 marta uchrashdi.

O‘tgan yil sentyabr oyida O‘zbekiston Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga to‘la huquqli a’zo bo‘ldi. O‘zbekistonning mazkur tashkilotga qo‘shilishini barcha turkiy mamlakatlar, avvalo, Turkiya qizg‘in qo‘llab-quvvatladi.

Turkiya – O‘zbekistonning muhim savdo sheriklaridan biridir. 2019 yilda o‘zaro savdo hajmi 2,5 milliard AQSh dollaridan oshdi. O‘tgan yilning o‘zida qo‘shma shirkatlar salkam 500 taga ko‘payib, qariyb 1 ming 300 tani tashkil etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring