Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezidentlikka nomzod: dorixona va shifokorlar kelishuvini “korrupsiya” deb topish kerak

Prezidentlikka nomzod: dorixona va shifokorlar kelishuvini “korrupsiya” deb topish kerak

“Adolat” SDPdan Prezidentlikka nomzod Robaxon Mahmudova farmatsevtika va tibbiyot xodimlari orasidagi yashirin kelishuvlar borasida munosabat bildirdi.

“Bunday kelishuvlar ortidan bemorlarga haddan ziyod dorilar sotib olishga undash holatlari barchamizni tashvishga solyapti. Tibbiyot muassasalaridagi faoliyatga farmatsevtika tashkilotlari tomonidan ba’zan ochiqchasiga  homiylik qilinadi. Tibbiyot sohasidagi bunday munosabatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsiya sifatida baholanishi lozim”, – deydi Robaxon Mahmudova.

U, shuningdek, tibbiyotchilar va farmatsevtlar o‘rtasida noqonuniy muloqot to‘liq taqiqlanishi kerakligini, bunday muloqotlar va sovg‘alar uchun jazo muqarrar bo‘lishi, yangi dorilar va davolash uslublari faqat vazirlik tomonidan tushuntirilishi lozimligini ilgari suradi.

Nomzod, shu bilan birga, nodavlat tibbiyot tashkilotlarini notijorat tashkilot sifatida faoliyat yuritishlari kerakligini ta’kidlaydi. Uning fikricha, tibbiyot tashkilotlarining tijorat tashkiloti bo‘lishi tibbiy yordam o‘rniga mablag‘ ortidan quvishga olib keladi.

“Tibbiyot daromad olish manbaiga aylanmasligi tarafdorimiz. Bunday amaliyot Janubiy Koreya va boshqa bir qator rivojlangan mamlakatlarda qo‘llanmoqda”, – deydi u.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring