Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«O‘zbekistondagi sug‘oriladigan yerlarining qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangan» – senator

«O‘zbekistondagi sug‘oriladigan yerlarining qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangan» – senator

Foto: «Xabar.uz»

Senatning 47 yalpi majlisida “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi. Qonunni qabul qilish zarurati yer yuzidagi bugungi ekologik omillarning keskin o‘zgarishi yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, shuningdek, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirishga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgani, bu esa, o‘z navbatida, oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta’minlash va iste’mol ratsionini yaxshilash, tuproq unumdorligini oshirish, saqlash va asrab-avaylashni talab etayotganini bilan izohlandi.

Bahodir Tojiyev, senator
Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

«So‘nggi yillarda olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, e’tibor bering, respublikamizda sug‘oriladigan yerlarining qariyb 53 foizi turli darajada sho‘rlangani, 69 foizga yaqin tuproq ustki qatlamida gumus miqdori bor-yo‘g‘i 0,5-1 foizni tashkil etgani, 600 ming gektar yaylov yerlari turli darajada degradatsiyaga uchraganini ko‘rsatmoqda.

Muhokamamizga havola etilgan “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”gi Qonun ayni vaqtida ishlab chiqilgan deb hisoblaymiz. Qonunning qabul qilinishi tuproq unumdorligini pasayish jarayonlariga barham berishga huquqiy zamin yaratadi. Shuningdek, tuproq unumdorligining pasayishiga olib keluvchi sabab va omillar aniqlanib, ularning oldini olish bo‘yicha oqilona tadbirlarni amalga oshirish mexanizmlari yaratiladi», deydi Senatning agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Bahodir Tojiyev.

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Qonunda:

  • tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish doir asosiy tushunchalarning mazmun-mohiyati ochib berilmoqda, qolaversa sohaning asosiy prinsiplari mustahkamlanmoqda;
  • yer fondining barcha toifalaridagi tuproqning unumdor va tuproq hosil qiluvchi qatlamlari tuproqni muhofaza qilish ob’yekti etib belgilanmoqda;
  • tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish tadbirlari doirasi ko‘rsatilmoqda;
  • shaharsozlik faoliyatini yoki qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ishlarni amalga oshirish chog‘ida tuproqni muhofaza qilishga va undan oqilona foydalanishga doir talablar mustahkamlanmoqda;
  • Vazirlar Mahkamasi, Qishloq xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi va Tabiat resurslari vazirliklari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi vakolatlari aniq ko‘rsatilmoqda;
  • tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi davlat nazorati, yer egalarining, yerdan foydalanuvchilarning va yer uchastkalari ijarachilarining tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi huquq va majburiyatlari mustahkamlanmoqda;
  • tuproqning unumdor qatlamini saqlash va yerlarni rekultivatsiya qilish, tuproqning holati va sifatini baholash normalari, tuproqni o‘rganish, tuproq xaritalari, tuproqqa oid ma’lumotlar fondi, tuproq monitoringi, shuningdek tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga doir masalalar ochib berilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring