Qashqadaryoda «ROVD» boshlig‘i firibgarlikda ayblanib sudlandi

2022-yil 4-avgust kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi tuman sudida muqaddam Muborak tumani IIB boshlig‘i lavozimida ishlagan X. B.ga nisbatan jinoyat ishini ko‘rib chiqish bo‘yicha ochiq sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud hukmi e’lon qilindi.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, X. B. Jinoyat kodeksining 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismiga asosan aybsiz deb topilib, oqlangan. X. B. Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi «a,v» bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topildi.
Sud uni 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilib, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi (Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 213 baravari miqdorida jarima jazosi qoldirilgan).
Ayni paytda birinchi instansiya sudi tomonidan chiqarilgan mazkur hukm qonuniy kuchga kirmagan bo‘lib, undan norozi tarafga 20 sutka ichida apellyasiya tartibida shikoyat keltirishga yoki prokuror protest bildirishga haqliligi ma’lum qilindi.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yilning boshlarida Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari fuqarodan 80 000 AQSh dollari talab qilib, 50 ming dollarini olayotganida qo‘lga olingan va keyinchalik mazkur jinoiy ishga X.B. ham jalb qilingan edi.
Mazkur jinoiy ish doirasida sudlangan Mirishkor tumani hokimi o‘rinbosari U. Ya.ga nisbatan qabul qilingan sud hukmi haqida esa bir muddat avval xabar berilgan edi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter