Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pul o‘tkazmalaridagi «qo‘shimcha to‘lov» o‘zbekistonliklarning bo‘ynidami?

Pul o‘tkazmalaridagi «qo‘shimcha to‘lov» o‘zbekistonliklarning bo‘ynidami?

10-fevral, juma kuni imzolangan Prezidentning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart sharoitlarni yaratishni nazarda tutuvchi PF-21-son Farmoni 7-bandida 2023-yil 1-maydan boshlab jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangandi.

Mazkur yangilik iqtisodiy soha kishilarida, jumladan, ayrim ijtimoiy tarmoq faollarda ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda.

Jumladan, iqtisodchi Otabek Bakirov, ushbu hujjat va aynan 7-band haqida fikrini bildirib, uni «hujjatlar ichiga mina qo‘yib ketish usuli» deb ataydi.

Iqtisodchining asosiy savoli elektron hisobvaraq-fakturalar rasmiylashtirilishi uchun xarajat bo‘yniga yuklanayotgan operatorlar (10-fevral holatiga 24 ta operator, - Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumoti.) ko‘radigan zarar haqida.

Bir muddat oldin Iqtisodiyot va moliya vazirligi elektron hisobvaraq-fakturalarni jo‘natish xizmati qiymati Soliq qo‘mitasi bo‘linmasining hamda elektron hisobvaraq-faktura operatorlari hisoblangan tadbirkorlik sub’yektlarining ko‘rsatayotgan xizmati qiymatidan tashkil topishi va bu o‘rtacha bitta hisob-faktura uchun 270 so‘mdan 450 so‘mgachani tashkil etishini ma’lum qilgan edi.

«Qiziq tarafi, vazirlik noto‘g‘ri qarorni oqlash uchun asosiy chorani fakturalar narxini 1 so‘mgacha ma’muriy yo‘l bilan tushurishda ko‘rmoqdalar. Operatorlar ko‘radigan zarar qanday qoplanadi va bu zararlar boshqa tariflar oshishiga olib kelmaydimi, degan qarshi savol yangi va yangi absurdlarni yaratadi», – deydi Bakirov vazirlikning hozirda Soliq qo‘mitasi tomonidan ushbu xizmat narxini 1 so‘mda belgilash ustida ishlar ketayotgani haqidagi ma’lumotiga javoban.

Bakirovning ta’kidicha, bitta faktura eng arzon bo‘lganida 300 so‘m tursa va yil davomida milliardlab tranzaksiyalar o‘tishi inobatga olinsa, bu bir necha yuz milliard so‘m qo‘shimcha xarajat degani. Tabiiyki, bu xarajat yakunda iqtisodiyotga va iste’molchilarga yuklanadi.

Iqtisodchi, shuningdek, shundog‘am chek bilan tasdiqlanadigan bitimlarda jismoniy shaxslarga elektron hisobvaraq-fakturalar nima uchun kerak, degan savolni ham o‘rtaga tashlaydi va asosiy taxminlarini ilgari suradi.

Unga ko‘ra, katta ehtimol bilan mazkur band ushbu hujjatning loyihasi matnida bo‘lmagan.  

«Chunki na mohiyatda va na shaklda va stilistikada u boshqa bandlar bilan qovushmaydi. Eng asosiysi, bu band tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart sharoitlar yaratmaydi, qaytanga qiyinlashtiradi va qimmatlashtiradi», – deydi u.

Shuningdek, Bakirov 1-maydan boshlab, Soliq qo‘mitasining «orzusi»ni Iqtisodiyot va Moliya vazirligi «ushaltirayotgani», ya’ni vazirlik jismoniy shaxslar o‘rtasidagi pul o‘tkazmalari bo‘yicha elektron fakturalar vositasida to‘la axborotni o‘zida jamlay boshlashini yozadi.

«Oqibatlari bilan albatta. Lekin bularning hammasi yashirin iqtisodiyot bilan kurash degan shior ostida kechadi», – deydi iqtisodchi. 

Bloger Shuhrat Qurbonov esa bu yangilikdan «elektron hujjat almashinuv operatorlari minnatdor bo‘lishi»ni, bunday qarorlar sabab esa bepul pul o‘tkazmalari vaqti kelib tarixga aylanishini yozadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring