Qo‘shni davlatlardan olib o‘tilgan 11 kilodan ortiq narkotik modda ushlab qolindi
Namangan viloyati hududidan o‘tuvchi «Chortoq-Namangan» yo‘nalishida harakatlanayotgan Nexia avtomobili to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan muqaddam sudlangan 38 yoshli shaxsning yonida 2 kg. 47 gr. «gashish» moddasi aniqlandi.
DXX xodimlari tomonidan olingan narkotik moddalar protsessual tartibda rasmiylashtirilib, ushbu fuqaroning yashash xonadonidan ham kelgusida sotish maqsadida saqlanayotgan 4 kg. 942 gr. «gashish» olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik moddalar muqaddam qirg‘izistonlik narkokur’yerlar tomonidan Chortoq tumaniga olib kelinib, xufiya joyga qoldirib ketilganligi ma’lum bo‘ldi.
Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Yangiqo‘rg‘on tumanida yashovchi, muqaddam sudlangan 28 yoshli shaxs o‘zining boshqaruvida bo‘lgan Lacetti avtomashinasida 1 kg. 842 gr. «gashish» moddasini Namangan shahrida istiqomat qiluvchi, 40 yoshli fuqaroga 14 ming AQSh dollariga sotishga kelishib, kelishilgan puldan 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu giyohvandlik vositasini qirg‘izistonlik narkokurer muqaddam Yangiqo‘rg‘on tumanidagi xufiya joyga qoldirib ketganligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1988, 1995, 1998-yillarda tug‘ilgan 3 nafar fuqaro Tojikistondan olib kelingan 936 gr. «opiy» moddasini xaridorga berib, undan kelishilgan pul mablag‘ini olgan vaqtlarida Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ularning jinoiy sherigi bo‘lgan – 1992-yilda tug‘ilgan urgutlik shaxs ham ushlandi.
Ta’kidlanishicha, mazkur shaxslarning 2 nafari muqaddam sodir etgan jinoyatlari uchun sudlangan bo‘lsalarda, o‘z xatolaridan to‘g‘ri xulosa chiqarishmagan.
DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Quvasoy shahrida yashovchi, 38 yoshli shaxs muqaddam tojikistonlik jinoiy sherigi tomonidan Quvasoy shahridagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 950 gr. «gashish» moddasini olib, uni 37 yoshli hamshahariga pulini keyinchalik berish sharti bilan 6 ming AQSh dollariga sotgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu narkotik savdosiga Quvasoy shahrida yashovchi, 2002 yilda tug‘ilgan fuqaro ham aloqador ekanligi aniqlanib, u ham qo‘lga olindi.
Boshqa holatda esa Qo‘qon shahrida yashovchi, 1963-yilda tug‘ilgan shaxs Tojikistondan olib kelingan 492 gr. «gashish» moddasini 75 mln. so‘mga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter