Qotillikda gumonlanayotgan shaxsni ushlashda ko‘maklashgan yigit taqdirlandi
Joriy yilning 19-aprel kuni Jizzax viloyati Zomin tumanida yashovchi shaxs Zarbdor tumani «Oqbuloq» mahallasida yashovchi erkakni o‘zaro kelishmovchilik tufayli pichoqlagan va voqea joyidan yashiringan. Ko‘p o‘tmay jabrlanuvchi shifoxonada vafot etgan.
O‘z navbatida, ichki ishlar organlari gumonlanuvchini topish bo‘yicha tezkor tadbir olib borgan. Mazkur tadbirlar asnosida gumonlanuvchi turmush o‘rtog‘iga qo‘ng‘iroq qilgani aniqlangan. Tabiiyki, IIO xodimlari darhol o‘sha raqam bilan bog‘lanishdi. Ammo qo‘ng‘iroqqa boshqa bir yigit javob qaytargan.
«Ko‘chada ketayotganimda bir fuqaro mendan telefonimni so‘radi. Turmush o‘rtog‘iga telefon qilib, jinoyat sodir etganini aytdi, jabrlangan shaxsning ahvoli haqida so‘radi. 10 daqiqalar o‘tgach esa Jizzax viloyati IIB xodimlari menga telefon qilib, o‘sha odam jinoyat sodir etgani va uning izidan kuzatishimni so‘rashdi. Izidan kuzatib bordim va Toshkent shahar IIO xodimlari yordamida jinoyatchini ushladik», – deydi Mirzabek Elmurodov.
Yigit oliygoh o‘qituvchilari va talabalari ishtirokidagi yig‘ilishda Jizzax viloyati IIB tomonidan esdalik qo‘l soati, 5 million so‘m pul va ota-onasi nomiga tashakkurnoma bilan taqdirlangan.
Gumonlanuvchini qo‘lga olishda ishtirok etgan Shayxontohur tumani IIBning 4 nafar xodimiga ham esdalik sovg‘alari topshirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter