Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Remen»ni ham tadbirkor kameralar aniqlashi qanchalik adolatli?

«Remen»ni ham tadbirkor kameralar aniqlashi qanchalik adolatli?

Yaqinda telegram kanallaridan birida e’lon qilingan ushbu xabarga ko‘zim tushib qoldi: «...tadbirkorlarga tegishli foto va videoyozuv uskunalariga ham kamar taqmaganlikni huquqbuzarlik sifatida qayd etish imkoniyatini beruvchi hukumat qarori loyihasi tayyorlangan va tez kunlarda qabul qilinadi».

Qayd etish joiz, hozircha kamar taqmaganlikni huquqbuzarlik sifatida qayd etish imkoniyati faqat Ichki ishlar vazirligi va mahalliy hokimiyatlarga tegishli foto va videoyozuv uskunalariga berilgan. Agar yuqoridagi qaror qabul qilinib, amaliyotga tadbiq etilsa, tadbirkorlar ham bunday imkoniyatga ega bo‘ladilar.

Go‘yoki taransport hodisalarining oldini olish, yo‘l harakati qoidalarini ta’minlash maqsadida (aslida bu ish bilan tadbirkorlarning shug‘ullanishi faqat moddiy manfaat uchun) berilgan imkoniyatdan «uchar ishbilarmonlar» ustomonlik bilan foydalanmoqda.

Ayrim hollarda tadbirkorlar videokameralarni belgilangan talablarga javob bermaydigan holatda o‘rnatib olib (so‘nggi kunlarda tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan kameralar aniqlagan qoidabuzarliklar sudlarda bekor bo‘layotgani so‘zimiz tasdig‘i), shundoq ham rosa xalqni «shilayotgan», busiz ham ularning oshig‘i olchi edi. Demak, ularning «ketmoni» uchish»da davom etadi. Aslida esa tadbirkorlarga yuqoridagi imkoniyatning tortiq etilishi esa o‘likning kafanini yechib olish bilan barobar ish…

Adolat nuqtai nazaridan olib qaraganda, xavfsizlik kamaridan foydalanmaslikni videokuzatuv kemaralari orqali aniqlash va ma’muriy javobgarlik belgilash o‘ta bahsli masala.

Birinchidan, shahar hududlari, aholi gavjum joylarda harakatlanish tezligi 60 km soat etib belgilangan. Bu tezlikda xavfsizlik kamaridan foydalanish zarurati bormikan? Kamar asosan trassalarda katta tezlikda harakatlanayotganda taqilsa, foydasi ko‘proq bo‘lsa kerak… Fikrimni quyidagi statistika bilan asoslayman:

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, shu yilning o‘tgan 11 oyi mobaynida O‘zbekiston yo‘llarida jami 8693 ta yo‘l transport hodisasi sodir etilgan. Buning natijasida 2080 nafar fuqaro vafot etgan, 8055 nafari esa turli tan jarohati olishgan.

YTHlarning asosiy qismi davlat ahamiyatiga molik yo‘llarda yuz bergan. YHXBB hodisalarining aksariyati YTH yo‘l harakatini noto‘g‘ri tashkil etish yoki yo‘llardagi nosozliklar, piyodalar o‘tish joyi yetarli emasligi va tezlikni me’yordan oshirish tufayli sodir etilgan.

Statistikadan xulosa shuki, mutasaddilar avvalo, sifatsiz yo‘llarni tuzatishi, talabga javob bermaydigan svetoforlarni tuzatishi, yangilarini o‘rnatishi shart. Xullas, birinchi galda mana shu masalalar hal etilishi kerak. Ana undan keyin jarimalar haqida bosh qotirishsa, insofdan bo‘ladi.

Ikkinchidan, yo‘l harakati qoidalarining tegishli bandlari ko‘ra, ayrim toifadagi haydovchilarga xavfsizlik kamarini taqmasdan harakatlanishiga ruxsat berilgan: Avtomobilning orqa o‘rindig‘idagi 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar, o‘quvchi boshqarayotgan o‘quv-mashq transport vositasining instruktori, homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemorlar (Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar ro‘yxatiga muvofiq va ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma mavjud bo‘lganda), xizmat vazifasini bajarayotgan xodimga biriktirilgan ko‘k yoki qizil yoxud ko‘k va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi bilan jihozlangan hamda maxsus rangli bo‘yoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari haydovchilari shular jumlasidan.

Savol: bu haydovchilarga nisbatan videokameralar orqali qoidabuzarlik aniqlanib, jarima belgilangan taqdirda ular kimga yoki qayerga murojaat qilishi kerak?

Javob: albatta, sudga!

Tasavvur qiling, bir kunda taxminan qirq kilometr masofani bosib o‘tasiz va yo‘lda kamida uchta videokameraga duch kelasiz. Xavfsizlik kamaridan (tibbiy ma’lumotnomaga ko‘ra) foydalanmaganingiz uchun shu uchta kamera qoidabuzarlik aniqlab, sizga nisbatan ma’muriy javobgarlik belgilandi. Demak, sizga nisbatan qo‘llanilgan har bir jarimani bekor qildirish uchun qayta-qayta sudga murojaat qilishingizga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, bu holatda ham vaqtdan, ham mablag‘dan yutqazasiz.

Uchinchidan, xavfsizlik kamarini taqish-taqmaslik faqat haydovchining o‘ziga foyda-ziyon keltiradi. Go‘yoki fuqarolarning sog‘lig‘i uchun qayg‘urayotgandek ko‘rinayotgan bu amaliyotning asl maqsadi – moddiy manfaatdan o‘zga narsa emas. Tan olamizmi, tan olmaymizmi bu – inkor etib bo‘lmaydigan fakt.

Xo‘sh, mas’ullar jarima qo‘llashning yangidan yangi turlarini joriy etar ekan, masalaning shu jihatlarini inobatga olishganmi? Yoki ularga faqat jarimadan tushayotgan mo‘maygina mablag‘lar muhimmi?

Mutasaddi tashkilotlarga taklifim quyidagicha: xavfsizlik kamaridan foydalanmaganlarni videokameralar emas, aksincha, faqat yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari aniqlashi va ma’muriy jarima belgilashi kerak. Zotan, Ichki ishlar vazirlgi, hududiy hokimliklar tomonidan o‘rnatilgan kameralarga kamar taqmaganlikni qayd etish vakolatini berish adolatdan emas.

Ayrim sabablarga (tibbiy ma’lumotnomasi bor) ko‘ra xavfsizlik kamaridan foydalanmaydiganlar uchun ham ortiqcha ovoragarchilik tug‘dirmaydigan yo‘llarini o‘ylab ko‘rish joiz. Masalan, jarimalarni umumlashtiruvchi markaziy ba’zaga tibbiy ma’lumotnomaga ega haydovchilar haqidagi ma’lumotlarni joylashtirish lozim.

Yoki shu toifadagi fuqarolarga nisbatan jarima belgilangan taqdirda faqat bir marta sudga murojaat qilish va bundan keyin bu bo‘yicha boshqa murojaat qilishga hojat qolmaydigan tizim yaratish zarur. Toki bu toifadagilar ovorai-sarson bo‘lib, qayta-qayta sudga yugurib (busiz ham sud’yalarning ishi ko‘p), ham vaqtini, ham naqtini yo‘qotmasin.

Istalgan joyga kamera qo‘yib, haydovchilarni jarimaga tortayotgan mas’ullar va tadbirkorlar masalaning shu jihatlariga e’tibor qaratishi darkor. Har holda hozir texnologiyalar asrida yashamoqdamiz. Demak, hamma narsaning iloji bor – xohish bo‘lsa kifoya.

G‘ulomjon MIRAHMEDOV

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring