Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Samarqand-Xorazm» yo‘nalishida ketayotgan Kia avtomobili salonidan qariyb 3 kilo «opiy» moddasi topildi

«Samarqand-Xorazm» yo‘nalishida ketayotgan Kia avtomobili salonidan qariyb 3 kilo «opiy» moddasi topildi

Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Toshkent-Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan, Marg‘ilon shahrida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi «Damas» rusumli avtomashina «Namangan» YPX maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtotransport vositasining orqa o‘rindig‘iga yashirib qo‘yilgan 9 kg 573 gr «gashish» moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, mazkur shaxsning yashash xonadonidan ham 2 kg 779 gr «gashish» va 1 kg 29 gr «opiy» moddalari hujjatlashtirib olindi.

Tezkor tadbir davomida, ushbu fuqaroning Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlarida istiqomat qiluvchi, 1987, 1989 va 2003-yillarda tug‘ilgan sheriklari ham qo‘lga olindi.

Ta’kidlash lozimki, ulardan biri muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan bo‘lsada, ammo, o‘z xatosidan to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.

Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Tuproqqal’a tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Samarqand-Xorazm» yo‘nalishida harakatlanayotgan, Samarqand shahrida yashovchi, 1992-yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi “Kia” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, ko‘zdan kechirildi.

Natijada avtomashinada 2 kg 821 gr «opiy» moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Aniqlanishicha, u Tojikiston Respublikasida yashovchi fuqarodan har bir kilogrammini 6500 AQSh dollaridan sotib olgan ushbu narkotik moddani Xorazm viloyatidagi giyohvandfurushlarga sotishni rejalashtirgan.

Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, Toshkent shahrining Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1990-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi.

Natijada, unda kir yuvish vositalari paketlariga qadoqlangan 45 kg 898 gr kristall kukunsimon moddalar mavjud bo‘lib, ularning tarkibida «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi moddasi borligi aniqlandi. Shuningdek, faol tadbir davomida 1 kg 190 gr «Tropikamid» moddasi ham musodara qilindi.

Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Farg‘ona viloyatining Dang‘ara tumanida yashovchi, 1986-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan shaxs 1512 dona «Regapen» va 300 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Toshkent shahrida istiqomat qiluvchi, 1991-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha marotaba sudlangan fuqaroga 60 mln. so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu dori vositalari Qirg‘iz Respublikasidan olib kelingan.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. https://t.me/xavfsizlik_uz/1151

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring