Saylovlar jarayonlarida ommaviy axborot vositalari ishtiroki
Saylovlar demokratik huquqiy davlatning ajralmas belgisi, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda muhim qarorlar qabul qilish jarayonidagi ishtirokining asosiy shaklidir.
O‘zbekistonning amaldagi qonunchiligida saylovlarni ochiq va shaffofligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Saylov kodeksining 3-moddasida O‘zbekistonda saylovlar umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali ochiq va oshkora o‘tkazilishi belgilangan.
Shuni qayd etish kerakki, Saylov kodeksining 35-moddasiga binoan, ommaviy axborot vositalari vakillarining vakolatlari Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan berilgan hujjatlar bilan tasdiqlangan bo‘lishi kerak. Boshqa davlatlarning ommaviy axborot vositalari vakillarini Markaziy saylov komissiyasi akkreditatsiyadan o‘tkazadi. Xorijiy OAV vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda malga oshiriladi.
Markaziy saylov komissiyasining qarori bilan tasdiqlangan “Saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomda belgilanganidek, ommaviy axborot vositalari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman e’lon qilingandan keyin belgilangan kundan boshlab, saylovga kamida o‘n kun qolguniga qadar barcha bo‘g‘indagi saylov komissiyalariga o‘z vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazish to‘g‘risida murojaat qilishi mumkin. Bunda saylov jarayonini mamlakat miqyosida yorituvchi ommaviy axborot vositalari Markaziy saylov komissiyasiga, viloyat miqyosida faoliyat yurituvchi matbuot vositalari viloyat saylov komissiyalariga, tuman va shahar doirasida ishlovchi ommaviy axborot vositalari tuman yoki shahar saylov komissiyalariga murojaat qilishlari mumkin.
Akkreditatsiyadan o‘tkazish uchun yozilgan arizalar tegishli ommaviy axborot vositasi rahbari tomnidan imzolangan va unga saylovni yoritish bilan shug‘ullanadigan jurnalist (yoki OAV xodimi) haqidagi tegishli hujjatlar (shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi, fotosurati, mahalliy OAVning davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi nusxasi) ilova qilinadi. Akkreditatsiyadan o‘tkazilgan OAV vakillariga belgilangan shakldagi guvohnomalar beriladi.
Mazkur Nizomda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan o‘tkazishni rad etish uchun asos hisoblanadigan holatlar ham aniq belgilangan bo‘lib, tegishli hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan, noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etilgan, belgilangan muddatlarga rioya etilmagan holatlar shunday sabablar sirasiga kiradi.
Ta’kidlash kerakki, ommaviy axborot vositalari vakili amaldagi qonunchilik, xususan, Saylov kodeksi, ommaviy axborot vositalari to‘g‘risidagi qonun talablarini buzgan hollarda uning akkreditatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi qarori bilan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin.
Demokratik saylovlarni erkin ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. ommaviy axborot vositalari demokratik saylovlarni ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik asosida o‘tkazishda muhim vosita bo‘lib, saylovchilarning faolligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Saylov jarayonining barcha tadbirlari ommaviy axborot vositalari nigohida bo‘lishi uning ochiq va oshkora, erkin va adolatli o‘tkazilishiga, jamoatchilik nazoratini ta’minlanishiga xizmat qiladi.
Amaldagi saylov qonunchiligi va saylovlarni o‘tkazish bilan bog‘liq amaliyot tahlili mamlakatimizda ommaviy axborot vositalarining bu muhim jarayonlarda erkin ishtirok etishi, saylovlarni ochqiligini ta’minlash uchun yetarli huquqiy va tashkiliy imkoniyatlar yaratilganini ko‘rsatadi. Masalan, bundan oldingi prezident saylovi jarayonlarini 197 ta mahalliy ommaviy axborot vositalarining bir yarim mingga yaqin vakili va 140 dan ortiq nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositasining 233 nafar jurnalisti yoritib borgan. Saylov kampaniyasi davomida xorijiy va milliy nashrlarda 76 mingtadan ziyod materiallar e’lon qilingan.
Ma’lumki, Ommaviy axborot vositalarining saylov kampaniyasidagi ishtirokining muhim jihatlaridan biri saylovoldi tashviqoti bosqichida namoyon bo‘ladi. Saylovoldi tashviqoti ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya tarmoqlari, shuningdek Internet jahon axborot tarmog‘i orqali, bosma, ko‘rgazmali, audiovizual va boshqa tashviqot materiallarini chiqarish hamda tarqatish hamda saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.
Saylov kodeksining 46-moddasida belgilanganidek, tashviqot olib borilayotganda davlat ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqtini va nashr maydonini bepul berish yo‘li bilan teng sharoitlar ta’minlanadi.
Tashviqot maqsadida ommaviy axborot vositalaridan bepul foydalanish tartibi, hajmi va vaqti siyosiy partiyalarning fikrini inobatga olgan holda tegishli saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Davlat ommaviy axborot vositalarida haq evaziga ham efir vaqti yoki nashr maydoni ajratilishi mumkin. Ommaviy axborot vositalari tomonidan efir vaqti, nashr maydoni uchun belgilanadigan haq to‘lash shartlari hamda boshqa talablar barcha uchun teng va bir xil bo‘lishi kerak.
Mazkur qoida saylovga oid xalqaro mezonlarga to‘liq mos keladi. Masalan, Venetsiya komissiyasi tomonidan qabul qilingan Saylovlarga nisbatan rahbariy prinsiplarda barcha partiya va nomzodlarga teng imkoniyatlar kafolatlangan bo‘lishi ta’kidlangan bo‘lib, bu esa ommaviy axborot vositalarida, xususan, davlatga tegishli ommaviy axborot vositalarida partiya va nomzodlarni yoritishga xolis munosabatda bo‘lishni nazarda tutadi.
Saylovlar har qanday davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon bo‘lib, shu kunlarda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotgan Prezident saylovi mamlakatimiz hayotidagi g‘oyat muhim ijtimoiy-siyosiy voqea hisoblanadi. Yangi O‘zbekistonning taraqqiyoti, xalqimiz kelajagi uchun ulkan ahamiyatga ega bo‘lgan mazkur siyosiy tadbirni milliy qonunchilik talablari va xalqaro huquq mezonlari talablariga mos o‘tkazish, saylov kampaniyasining barcha bosqichlari ochiqligi va oshkoraligini ta’minlash yurtimizda demokratik tamoyillarning mustahkamlanishi, fuqarolik jamiyatini yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.
Anvar EMINOV,
Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter