Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat davlat bojini kamaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi

Senat davlat bojini kamaytirishga qaratilgan qonunni ma’qulladi

Senatning o‘ttiz beshinchi yalpi majlisida «Davlat boji to‘g‘risida»gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi qonun ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, qonun notarial harakatlarni amalga oshirish jarayonlarini tubdan soddalashtirish, davlat bojidan ozod qilish, davlat bojini undirishning o‘ziga xos xususiyatlariga aniqlik kiritish orqali insonlarga yengillik yaratishga qaratilgan.

Qonun bilan vafot etgan fuqaroning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minotiga nisbatan merosga bo‘lgan huquq to‘g‘risida guvohnomani berishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan bo‘lib, bu borada yuzaga kelayotgan muammolar hal etilishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, notarial harakatlarni amalga oshirganlik uchun undiriladigan to‘lovlar miqdorini fuqarolar uchun tushunarli tarzda bayon etilishini hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida davlat boji stavkalari optimallashtirilgan.

Qonunga asosan mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartirishlar kiritganlik uchun belgilangan davlat boji miqdorlari ikki barobarga kamaytirilgan.Garov, ipoteka va lizing shartnomalarini, qarz shartnomalarini hamda avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga o‘tkazish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun tabaqalashgan davlat boji stavkalari birxillashtirilib, yagona stavka miqdorida belgilangan.

Qonun bilan avtomototransport vositalarini boshqarishga va tasarruf qilishga oid ishonchnomalar, shuningdek, avtomototransport vositalaridan tekin foydalanish shartnomalarini tasdiqlaganlik uchun qarindoshligi bo‘lmagan boshqa shaxslardan undiriladigan davlat boji miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 3 barobaridan 2 barobariga kamaytirilgan.

Bundan tashqari, fuqarolar o‘rtasida qarz shartnomasini tuzishda va ijro etishda ehtimoliy nizolarni oldining olish, sudlardagi ish yuklamasini kamaytirish maqsadida, qonun bilan chet el valyutasida ushbu turdagi shartnomalarni notarial tartibda rasmiylashtirishda davlat boji miqdorini ikki baravarga kamaytirish nazarda tutilgan.Mazkur qonunning qabul qilinishi davlat bojini hisoblashdagi va undirishdagi ayrim tushunmovchiliklarni oldini olinishini, notariuslar tomonidan davlat boji bo‘yicha imtiyozlarni to‘g‘ri qo‘llashni hamda fuqarolar uchun davlat bojini to‘lovlari yuzasidan yengillikni ta’minlaydi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring