Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat O‘zbekistonning 2023-yil uchun Davlat budjetiga oid qonunini ma’qulladi

Senat O‘zbekistonning 2023-yil uchun Davlat budjetiga oid qonunini ma’qulladi

Senatning 36-yalpi majlisida «2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Mazkur Qonun bilan 2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan budjetining jamlanma parametrlari hamda 2024–2025 yillar uchun budjet mo‘ljallari belgilangan.

Ta’kidlanganidek, Qonunga ko‘ra, 2023-yilda mamlakat iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 5,3 foizni va iste’mol narxlari indeksi 2022-yilning dekabr oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida bo‘lishidan kelib chiqib, Davlat budjeti parametrlari hisob-kitob qilingan.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan budjetining daromadlari 2023-yilda 310,7 trln so‘mni hamda xarajatlar 343,2 trln so‘mni tashkil etishi kutilmoqda.

Qonun bilan 2023-yil uchun O‘zbekiston Respublikasi (O‘zbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va O‘zbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish bo‘yicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd AQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda.

2023-yilgi Davlat budjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda.

Senatorlar Davlat budjetining ijtimoiy sohaga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar miqdoriga jiddiy e’tibor qaratdilar. Qayd etilganidek, ta’lim sohasi xarajatlari 58,4 trln so‘m, sog‘liqni saqlash sohasiga 28,4 trln so‘m, madaniyat sohasiga 2,5 trln so‘m, sport sohasiga 2,3 trln so‘m va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023-yilda 1,8 trln so‘m yo‘naltirish belgilangan.

2023 yil uchun Davlat budjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yo‘nalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln so‘m ajratiladi.

Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan 1,1 trln so‘m subsidiyalar to‘lab berilishi ko‘zda tutilgan.

Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trln so‘mni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablag‘lar asosan tomchilatib sug‘orish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Qonun Senat a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring