Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat Suv kodeksini tasdiqladi

Senat Suv kodeksini tasdiqladi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining Suv kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, so‘ngi yillarda suv munosabatlarining ijtimoiy-iqtisodiy asoslari o‘zgarib borayotgani suvga oid qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zaruratini vujudga keltirmoqda.

Qonun bilan tasdiqlanayotgan Suv kodeksida esa suv munosabatlari sohasidagi asosiy huquqiy hujjatlar tizimlashtirilgan.

Jumladan, suvga doir munosabatlarni tartibga solish sohasida Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakolatlari, vazifa va funksiyalariga aniqlik kiritilmoqda.

Shuningdek, suv xo‘jaligida davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy qilish shartlari, suv olish tartibini buzganlik uchun javobgarlik masalalari, suvga doir munosabatlarda xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilmoqda.

«Suv kodeksining qabul qilinishi suvdan oqilona foydalanish, suv resurslarini samarali boshqarish va muhofaza qilishni ta’minlaydi. Soha bo‘yicha davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari bilan bog‘liq masalalar hal qilinadi. Suv yetkazib beruvchilar va iste’molchilarining mas’uliyati ortadi», – deyiladi Senat xabarida.

Shuningdek, Qonun mamlakatning suv xavfsizligiga erishishiga xizmat qiladi. Unda suv taqchilligi kuchayib borayotgan davrda barcha iqtisodiyot tarmoqlari va atrof muhitning suvga bo‘lgan ehtiyojini qondirish, suv resurslaridan oqilona foydalanish, suv infratuzilmasi va sug‘oriladigan yerlar holatini yaxshilash kabi masalalar qamrab olingan.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring