Shveysariyada yashash va ishlash niyatidagi o‘zbekistonliklar firibgarlar tuzog‘iga tushgani ma’lum bo‘ldi
Shveysariyada yashash va ishlash huquqini vositachilar orqali olgan o‘zbekistonliklar keyingi paytlarda turli firibgarlarga aldanib qolayotgani aytilmoqda. Bu haqda Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu mamlakatda yashash va ishlash huquqini vositachilar orqali olgan o‘zbekistonliklardan elchixonaga ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasining «Xabar.uz»ga bildirishicha, vositachilar Telegram kanallari va shaxsiy murojaatlar orqali firibgarlik yo‘li bilan soxta taklifnoma, shartnomalardan foydalanib Shveysariyaga ish takliflari, ishlashga ruxsat beruvchi hujjatlarni va’da qilgan.
«Afsuski, odamlar yolg‘on va’da va hujjatlarga ishonib, 350 dollardan 1500 dollargacha bo‘lgan to‘lovlarni amalga oshirgan holatlar mavjud», deyiladi elchixona xabarida.
Shveysariya qonunlariga ko‘ra, O‘zbekistondan ishchi yollashni istagan Shveysariyadagi har bir ish beruvchi bunday ish o‘rni yaratish Shveysariyaning iqtisodiy manfaatlariga mos kelishini va ish beruvchi Shveysariyadan yoki Yevropa Ittifoqi/Yevropa erkin savdo assotsiatsiyasiga (EFTA) a’zo mamlakatlardan zarur kadrlarni yollay olmaganini isbotlashi kerak.
«Masalan, Shveysariyadagi ish beruvchi o‘zbekistonlik ishchini yollashga ruxsat olishi uchun kantonal immigratsiya va bandlik bozori organlari hamda Migratsiya bo‘yicha davlat kotibiyatiga murojaat qilish uchun uzoq rasmiyatchilikdan o‘tishi kerak. Ish beruvchining arizasi aytib o‘tilgan organlar tomonidan ma’qullangachgina, ishchiga viza rasmiylashtirish jarayoni boshlanadi va bu holatda faqatgina Shveysariyaning Moskvadagi elchixonasi O‘zbekiston rezidentlari uchun milliy/mehnat vizasini rasmiylashtirish huquqiga ega», – deyiladi xabarda.
Elchixona Shveysariyada ishlash uchun ish taklifi olgan har bir kishidan hushyor bo‘lishni va har qanday shubhali shaxs yoki kompaniyaning Shveysariyada ishga joylashtirishni va’da qilib o‘z xizmatlari uchun haq talab qilayotganlarga ishonmaslikni so‘ragan.
«Mehnat shartnomasi vositachi orqali emas, balki bevosita Shveysariyadagi ish beruvchisi bilan tuziladi. Agar siz bu kabi taklif olgan bo‘lsangiz va uning haqiqiyligiga shubhangiz bo‘lsa, qo‘shimcha ma’lumot uchun Shveysariyaning Moskvadagi elchixonasining viza bo‘limiga murojaat qilishingizni so‘raymiz», – deyiladi Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchixonasining izohida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter