So‘m bir yilda dollarga nisbatan qariyb 4 foizga qadrsizlandi – Markaziy bank

Joriy yil davomida milliy valyutaning almashuv kursi dinamikasi ichki valyuta bozoridagi talab va taklif faktorlari, shu bilan birga, tashqi va ichki omillarning ta’sirida shakllangan.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, jahondagi geosiyosiy keskinliklarning yuzaga kelishi, savdo hamkor davlatlar valyutalarining qadrsizlanishi hamda aholi va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlari devalvatsion kutilmalarining ortishi fonida o‘tgan yilning mart oyi dastlabki haftalarida xorijiy valyutaga nisbatan talab sezilarli darajada oshishi kuzatilgan.
«Natijada, milliy valyuta ayirboshlash kursi yil boshiga nisbatan 7 foizgacha qadrsizlanishi kuzatildi. Bunda, pul-kredit siyosatining o‘z vaqtida qat’iylashtirilishi valyuta bozorining barcha segmentlarida xorijiy valyutaga talabning sezilarli darajada pasayishiga va taklifning ortishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa, moslashuvchan almashuv kursi tashqi shoklarning salbiy oqibatlarini yumshatishga xizmat qildi», – deyiladi MBning 2022-yil uchun Ichki valyuta bozori sharhida.
Umuman olganda, 2022-yil davomida milliy valyutaning AQSh dollariga nisbatan tebranishi 1 dollar uchun 10 801-11 572 so‘m diapazonida shakllangan va 3,9 foizga qadrsizlangan.
1 AQSh dollari uchun eng yuqori narx 2022 yilning 18 martida kuzatilgan (11 572 so‘m).
Markaziy bankning izoh berishicha, milliy valyuta almashuv kursi dinamikasi shakllanishi geosiyosiy vaziyatning o‘zgarishi, ichki valyuta bozori ishtirokchilarining kutilmalari hamda tashqi moliya bozorlari kon’yunkturasiga bog‘liq. Markaziy bank disbalanslar ortib borishi oldini olish maqsadida erkin shakllanuvchi valyuta almashuv kursi rejimiga amal qilib boradi hamda oltin-valyuta zaxiralari neytrallik prinsipini ta’minlaydi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter