«Star Med Center»da Mannapovdan boshqa bemor ham vafot etgani aytilgan edi. Bosh prokuratura izoh berdi
Taniqli bloger Farhod Mannopovning o‘limidan so‘ng u operatsiya qilingan «Star Med Center» klinikasida avvalroq boshqa bir bemor ham vafot etgani haqida mish-mishlar tarqagan edi.
Bosh prokuratura bergan ma’lumotga ko‘ra, bu haqda ularga ham 2013-yilda ushbu klinikada yana bir shaxs jarrohlik amaliyoti vaqtida vafot etganligi haqida ko‘rsatma kelib tushgan.
Biroq, o‘rganishlar davomida bu xabar o‘z tasdig‘ini topmagan.
«Tergov davomida ushbu vaj o‘z tasdig‘ini topmaganligi sababli jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 4-qismi «a» bandidan 116-moddasi 3-qismiga qayta malakalangan.
Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Farxod Mannapovning o‘limi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda», – deb yozadi BP Matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov.
Ma’lum qilinishicha, tergovda klinika xodimlari hamda marhumning tanishlari, shuningdek, jami 15 nafar shaxs guvoh tariqasida so‘roq qilingan.
Shu bilan birga, jinoyat ishi bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayinlangan xizmat tekshiruvi xulosasi olinib, jinoyat ishi hujjatlariga qo‘shilgan.
«Bundan tashqari, jinoyat ishi doirasida murakkab ekspertizalarni o‘tkazish jarayoni ketmoqda. Barcha zarur tergov harakatlari o‘tkazilganidan so‘ng ish bo‘yicha qonuniy to‘xtamga kelinadi», – deydi Shamsutdinov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter