Tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti tizimi xususiy operatorlarga topshiriladi – loyiha
Iste’molchilarga tabiiy va suyultirilgan gazni yetkazib berishda monopoliyani bekor qilish, sohaga xususiy sektorni jalb qilish, energiya resurslarining bozor tamoyillarini joriy etish va resurslarning hisob-kitobini aniq yuritishni yo‘lga qo‘yish, modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash uchun xususiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Prezidentning tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, Energetika vazirligi tabiiy va suyultirilgan gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibini (nizom) ishlab chiqadi va belgilangan tartibda tasdiqlaydi.
Ishlab chiqilgan tartib asosida tabiiy gaz taqsimoti tizimi 2024-2025 yillarda xususiy sektorga o‘tkaziladigan pilot hududlarni aniqlaydi. Ushbu hududlardagi tizimni xususiy sektorga o‘tkazish yuzasidan salohiyatli kompaniyalar bilan o‘tkaziladigan muzokaralar natijasi bo‘yicha aniq shartlar asosida gaz taqsimlash tarmoqlarini xususiy sektorga o‘tkazadi.
Shuningdek, qarorda 5 ta tumanda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish funksiyasini xususiy operatorlarga berish bo‘yicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqadi va Hukumatga kiritadi.
Gaz ta’minoti tizimida xususiy operatorga topshiriladigan ayrim tumanlar ta’minoti bo‘limlari pilot loyihasi sifatida tanlab olingan.
Jumladan, tabiiy gaz yo‘nalishida:
- Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «Xo‘jaylitumangaz»;
- Andijon viloyatidagi «Oltinko‘ltumangaz»;
- Buxoro viloyatidagi «Buxorotumangaz»;
- Jizzax viloyatidagi «G‘allaoroltumangaz»;
- Qashqadaryo viloyatidagi «Qarshitumangaz»;
- Navoiy viloyatidagi «Qiziltepatumangaz»;
- Namangan viloyatidagi «Yangiqo‘rg‘ontumangaz»;
- Samarqand viloyatidagi «Samarqandtumangaz»;
- Surxondaryo viloyatidagi «Denovtumangaz»;
- Sirdaryo viloyatidagi «Xovostumangaz»;
- Toshkent viloyatidagi «Yangiyultumangaz»;
- Farg‘ona viloyatidagi «Uchko‘priktumangaz»;
- Xorazm viloyatidagi «Urganchtumangaz»;
- Toshkent shahridagi «Bektemirtumangaz» gaz ta’minoti bo‘limlari xususiy sektorga topshiriladi.
Suyultirilgan gaz yo‘nalishida esa Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi «To‘rtko‘ltumangaz», Andijon viloyatidagi «Andijontumangaz», Farg‘ona viloyatidagi «Beshariqtumangaz», Samarqand viloyatidagi «Urguttumangaz» va Qashqadaryo viloyatidagi «Chiroqchitumangaz» gaz ta’minoti bo‘limlari tanlab olingan.
Shu bilan birga 2024-yil 1-noyabrga qadar respublikada suyultirilgan gazga bo‘lgan ehtiyojning ortib borayotganligini inobatga olib, iste’molchilarni maqbul narxlarda suyultirilgan gaz bilan ta’minlash maqsadida 2025-yil 1-yanvardan respublikaga suyultirilgan gazni import orqali olib kirish hamda iste’molchilarga bozor narxlarida realizatsiya qilish imkonini yaratishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi Prezident Administratsiyasiga kiritiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter