Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Temir yo‘l» va «Avtoyo‘l» rahbarlari ham ishdan olindi

«Temir yo‘l» va «Avtoyo‘l» rahbarlari ham ishdan olindi

Prezident Mirziyoyev raisligada o‘tayotgan hududlar hamda tarmoqlarga investitsiyalarni jalb qilish va ularning ijrosini ta’minlashga doir yig‘ilishda bu borada vazirlik va tarmoq kompaniyalardagi ahvol ham yaxshi emasligi qayd etildi.

Investitsiya olib kelinmagani yetmaganday, ayrim rahbarlar mablag‘i ancha avval kelgan loyihalarni ham o‘z holiga tashlab qo‘ygani qattiq tanqid qilindi.

Jumladan, «Suvta’minot» tomonidan Sirdaryo, Guliston, Sayxunobod tumanlari va Yangiyer shahrida 2021-yilda 76 million dollarlik loyihani amalga oshirish bo‘yicha qarz bitimi imzolangan. Ushbu loyiha doirasida ishlar boshlanmagani oqibatida 250 ming aholining ichimlik suvini yaxshilash ishlari ikki yilga kechikmoqda.

Yoki, «Issiqlik elektr stansiyalari» 2019-yilda boshlangan «Talimarjon» elektr stansiyasida qo‘shimcha 900 Megavattli bug‘-gaz qurilmasini qurish loyihasi doirasida 690 million dollardan bugungi  kungacha  bor  yo‘g‘i 135 million dollari yoki faqat 20 foizi o‘zlashtirilgan.

Suv xo‘jaligida yil yakuniga qadar 16 ta yirik nasos stansiyasini xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va energiya samaradorligini kamida 50 foizga oshirish doirasida sohaga 1 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritilishi kerak. Lekin bu yo‘nalishda bironta o‘zgarish qilgani yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bundan to‘rt yil avval «Toshkent-Samarqand, «Toshkent-Andijon» pullik yo‘llari va «Taxtaqoracha» dovonida pullik tonnel qurish topshiriqlari berilgan. Lekin na loyiha qilish, na investor jalb qilish bo‘yicha haligacha amaliy ishlar boshlanmagan.

Bugungi kunda temir yo‘lda 2,5 mingta yuk vagoni yetishmasligi, mavjud vagonlarning 3,5 mingtasi esa ta’mirtalabligiga qaramay, ularni ko‘paytirish, yo‘llarni modernizatsiya qilish  uchun bor-yo‘g‘i 16 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya o‘zlashtirgan.

Shuningdek, xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirish hajmi o‘tgan yilga nisbatan “O‘zavtosanoat”da 47 foizga, to‘qimachilikda 43 foizga, qurilish  materiallarida 31 foizga kamaygan.

Shu bois, investitsiyalarni jalb qilish va ularni o‘zlashtirishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganliklari uchun suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari B.Kamalov, transport vaziri  o‘rinbosari A.Mo‘minov, «Suvta’minot» rahbari S.Saifnazarov, «Temir yo‘l» rahbari X.Xosilov va «Avtoyo‘l» rahbari A.Abduvaliyev lavozimidan ozod etildi.

«O‘zto‘qimachiliksanoati» uyushmasi raisi I.Haydarov, «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ raisi B.Jo‘rayev, «O‘zsanoatqurilishbank» raisi S.Annaklichevga «hayfsan» e’lon qilindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring