Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Termiz shahar hokimi tadbirkorni qamatib qo‘ygani rad qilinyapti

Termiz shahar hokimi tadbirkorni qamatib qo‘ygani rad qilinyapti

Ijtimoiy tarmoqlarda Termiz shahar hokimining tadbirkorni 15 sutkaga qamab qo‘yish haqida IIBga topshiriq bergani aytilgan xabarlar tarqalgan edi.

Termiz shahar hokimligi ushbu iddaoni rad qilib, voqea tafsilotlarini oshkor qildi.

Bildirilishicha, shahar hokimi, mas’ullar hamda jamoatchilik faollari ishtirokida Termiz shahri bo‘ylab bunyodkorlik ishlarining borishi ko‘zdan kechirilganda, chiqindixonalardagi to‘planayotgan chiqindilar o‘z vaqtida olib ketilmayotganligi haqida aholi tomonidan norozilik bildirilgan.

O‘rganishlarda mazkur ishlarga mas’ul va javobgar «Bio texno eko» MChJ ekanligi aniqlanib, mazkur korxona tomonidan o‘ziga yuklatilgan vazifalarni muntazam ravishda bajarmasdan kelayotganligi va shaharni obodonlashtirish qoidalarini buzganligi sababli ichki ishlar organlari tomonidan huquqiy baho berilishi so‘ralgan.

Termiz shahar IIB tomonidan holat batafsil o‘rganilgan va o‘rganishlar natijalariga ko‘ra to‘plangan hujjatlar asosida korxona rahbari Sh.Shernazarovga nisbatan MJtKning 161-moddasiga asosan, BHMning 1 baravari, ya’ni 330 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llash bo‘yicha bayonnoma tuzilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkorning qamalishi hokim huzuridagi yig‘ilish paytida sodir bo‘lgani, unda hokim «tezda olib borib 15 sutkaga tiqasan va jarimaga tortasan. Kimi kelsa ham chiqarmaysan», deb shahar IIB boshlig‘iga topshiriq bergani va tadbirkor yig‘ilishdan olib ketilgani aytilgandi. Korxona rahbari uch soatdan ortiq IIB binosida ushlab turilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring