Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Texnikumning “a’lochi” bitiruvchilari OTMga suhbat asosida qanday tartibda qabul qilinadi?

Texnikumning “a’lochi” bitiruvchilari OTMga suhbat asosida qanday tartibda qabul qilinadi?

2022-yil 11-yanvardagi Hukumat qarori bilan “Texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlangan edi.

Unga ko‘ra, texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchilar o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlarisiz, yakka tartibdagi suhbat orqali oliy ta’lim muassasalarining 2-bosqichidan o‘qishini davom ettirish uchun qabul qilinadi.

Bunda texnikumni muvaffaqiyatli tamomlaganlar toifasiga texnikumdagi butun o‘qish davrida o‘quv semestrlari yakuniga ko‘ra o‘zlashtirish baholari “5” (a’lo) va “4” (yaxshi), biroq o‘zlashtirish baholarining kamida 50 foizi (tibbiyot oliy ta’lim muassasalari uchun kamida 85 foizi) “5” (a’lo) bo‘lgan bitiruvchilar kiradi.

OTMga suhbat orqali qabul qilish tartibi texnikumni tamomlagan yildan boshlab ikki yil mobaynida tatbiq etiladi.

Bitiruvchilarni o‘z sohasiga mos bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi quyidagicha:

  1. Bitiruvchi 5-iyuldan 25-iyulga qadar Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tadi;
  2. 5-avgustga qadar Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari bitiruvchilarning tizimga yuklangan hujjatlarini o‘rganadi va o‘rganish natijalari bo‘yicha bitiruvchiga shaxsiy kabineti orqali xabar beradi;
  3. 10-avgustga qadar Oliy ta’lim muassasalari rektorlari (filiallar direktorlari) bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha 9 nafardan kam bo‘lmagan tarkibda Suhbat komissiyasini tuzadi;
  4. 10-avgustdan 25-avgustga qadar Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari hamda Suhbat komissiyalari bitiruvchilarni oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha o‘tkaziladigan suhbat jarayonlarini tashkil etadi;
  5. Suhbat jarayoni to‘liq yakunlangandan so‘ng 1 kun muddatda Oliy ta’lim muassasalari qabul komissiyalari talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxatini oliy ta’lim muassasasining rasmiy veb-saytida e’lon qiladi. To‘lov-kontrakt blankalarini talabalikka tavsiya etilganlarga beradi;
  6. Shartnoma to‘lovi amalga oshirilgandan so‘ng 10 kun muddatda Oliy ta’lim muassasalari rektorlari (filiallar direktorlari) to‘lov-kontrakt shartlarini to‘liq bajargan talabalarni tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishining 2-bosqichiga o‘qishga qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu tartib oliy harbiy, oliy harbiylashtirilgan ta’lim muassasalariga, Toshkent davlat yuridik universitetiga, O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari hamda ularning filiallariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring