Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Toshkent viloyatida qo‘lbola dori vositalari tayyorlangan yashirin sex fosh etildi

Toshkent viloyatida qo‘lbola dori vositalari tayyorlangan yashirin sex fosh etildi

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida qalbaki dori vositalarini tayyorlash va tarqatish bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyati to‘xtatildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent tumanidagi  uylardan biri 41 yoshli poytaxtlik fuqaro tomonidan ijaraga olinib, u yerda qo‘lbola shart-sharoitda noqonuniy ravishda dori vositalari tayyorlangan. Tekshiruv davomida jami 594 127 dona, 49 nomdagi dori vositalari — jumladan, «Futsis», «Prosulpin», «Ursosan», «Arbidol» va boshqalar tayyorlangani aniqlandi.

Shuningdek, ob’yektdan 168 kg xomashyo, qadoqlash uchun mo‘ljallangan materiallar, bo‘sh quti va kapsulalar, dori yorliqlari hamda 50 dona maxsus uskuna — stanok va press-formalar topilib, tegishli tartibda olib qo‘yildi.

Shuningdek,  fuqaroning Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi yashash manzilida o‘tkazilgan qidiruv chog‘ida esa qo‘shimcha ravishda 28 640 doza dori vositalari, ampulalar, suyuqliklar, 18 280 dona nomsiz shamcha va ular uchun markirovkalar, kapsulalar hamda press-formalar aniqlandi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u dori tayyorlash uchun zarur bo‘lgan xomashyoni internet orqali noma’lum shaxslardan buyurtma qilib olgan. Mazkur tayyorlangan qalbaki dori vositalari Toshkent va Buxoro viloyatlaridagi dorixonalar orqali tarqatilgan. Musodara qilingan mahsulotlar va uskunalarning umumiy qiymati qariyb 10 milliard so‘mga teng ekani qayd etilmoqda.

Hozirda mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 3-qismi «a» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring