Toshkentda o‘quvchi o‘z sinfdoshi tomonidan pichoqlangani aytilgandi. Rasmiy munosabat berildi
Joriy yilning 13-oktyabrida ijtimoiy tarmoq sahifalarida Toshkent shahri Chilonzor tumanidagi 178-maktab 9-sinfi o‘quvchilardan birining sinfdoshlar orasidagi pichoqbozlik ortidan jarohatlangani va bunga mas’ullarning e’tibor bermayotgani aytilgan xabar tarqaldi.
Jabrlangan o‘quvchining onasi o‘z sahifasida voqea shu yilning 9-oktyabrida sodir bo‘lgani va o‘g‘lini sinfdoshi pichoq bilan jarohatlaganini aytadi.
«Yarador o‘g‘limni 16-shahar kasalxonasiga olib bordim, u yerda 4 ta chok qo‘ydi. Kasalxona ma’muriyati IIBga bu haqda xabar bermadi. Maktabiga ham bordim va direktor nomiga ariza yozib, IIBni ogohlantirishi kerakligini so‘radim. Ammo maktab direktori ham IIO xodimlariga xabar bermadi. Nihoyat, uchinchi kuni o‘zim Toshkent shahar IIBBga bordim va sodir bo‘lgan voqea yuzasidan ish ochilmaganini bilib, ariza yozdim», – deydi u.
Jabrlanuvchi tomonning yozishicha, hozir o‘smir yigit tibbiy ko‘rikdan o‘tgan, holat bo‘yicha «ish» ochilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ham rasmiy munosabat bildirdi.
Boshqarmaning aniqlik kiritishicha, joriy yil 9-oktyabr kuni 178-maktab 9-sinf o‘quvchilari S.A. hamda Ch.N. (jabrlanuvchi, -tahr.) o‘z vaqtida darsga kirmasdan soat taxminan 10 larda kechikib maktabga kirgan. Ularni hovlida maktab direktori qarshi olgan. Sababi so‘ralganida o‘quvchilardan biri S.A. sinfdoshi Ch.N. uyida pichoq bilan qo‘lini kesib olgani, aptekadan spirt va bint olib uning qo‘lini bog‘lashganini aytgan. Maktab direktori Ch.N. ni tibbiyot xonasiga olib kirib, qo‘lidagi jarohatni qayta bog‘latishini tayinlagan. So‘ngra 9-sinf rahbari M.E. orqali o‘quvchi Ch.N. ning onasi E.I. maktabga chaqirtirilgan.
«Ammo yuqoridagi ko‘ngilsizlik maktab hududida sodir etilmagan. Hozirda ushbu holat yuzasidan Chilonzor tuman IIO FMB xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda», – deyiladi rasmiy munosabatda.
Shuningdek, mazkur holat to‘liq Toshkent shahar maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi nazoratiga olingani va yakuniy xulosa haqida xabar qilinishi aytiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter