Turkiyada o‘zbekistonlik ayol erini o‘ldirganlikda gumonlanib qo‘lga olindi

Joriy yilning 6-aprel kuni o‘zbekistonlik ayol moddiy sabablarga ko‘ra Turkiya fuqarosi bo‘lgan erini pichoqlab qo‘ygani aytilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, 4 yildan beri birga yashayotgan juftlik orasida janjal kelib chiqqan va ayol oshxonadan pichoq olib kelib, turmush o‘rtog‘iga sanchgan. Eri yerga yiqilganidan so‘ng ayol taksoparkka qo‘ng‘iroq qilib, turmush o‘rtog‘ini kasalxonaga olib borishi kerakligini aytib, mashina so‘ragan. Taksi haydovchisi kelib hushsiz yotgan erkakni ko‘rgan va tez yordam chaqirgan. Voqea joyiga yetib kelgan shifokorlar uning o‘limini qayd etgan. Ayol esa politsiya xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Turkiya fuqarosi spirtli ichimlik iste’mol qilgan va o‘zbekistonlik ayoliga nisbatan muntazam ravishda jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazib kelgan.
Konsulxona bergan xabarda voqea sodir bo‘lgan payti xonada boshqa shaxslar ham bo‘lgani aytiladi.
«Dastlabki tergovga ko‘ra, marhum erkakni bo‘g‘ayotgan paytda orqa tomondan pichoq bilan jarohatlangan. Bu esa uni boshqa shaxs tomonidan pichoqlangan bo‘lishi ehtimolini istisno etmaydi», – deya qo‘shimcha qilinadi xabarda.
Ayblanuvchining xolasi, o‘z navbatida, hali uning jiyani sud tomonidan aybdor deb topilmagani, shuning uchun ijtimoiy tarmoq faollaridan voqea haqida xabar tarqatayotganda buni hisobga olishni so‘radi.
Aniqlanishicha, oilaning bir nafar farzandi bo‘lgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter