Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mustahkam Tangriyorova

Oqqan daryo oqaveradi. 

Tushunish uchun chorak asr: «Sharq taronalari» bu yil nega Registonda o‘tkazilmaydi?

Tushunish uchun chorak asr: «Sharq taronalari» bu yil nega Registonda o‘tkazilmaydi?

Samarqandda ilk marta «Sharq taronalari» xalqaro musiqiy festivali o‘tkazilgan yili tug‘ilgan bola bugun 27 yoshga kirdi. Shuncha yildan buyon Xalqaro festival Registonda o‘tdi. Faqat pandemiya tufayli nufuzli anjuman to‘xtab qolgandi.

Yaqin kunlarda ham – 25-30 avgustda navbatdagi XIII xalqaro musiqa anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilyapti: faqat Registon maydonida emas!

Hozirda Samarqand turizm markazi tarkibidagi Boqiy shahar majmuasida repetitsiya jarayonlari boshlangan.  

– Ko‘pchilik bu galgi festival uchun nega «Boqiy shahar» majmuasi tanlanganini so‘ramoqda.

Ma’lumki, moddiy madaniy merosimiz bo‘lgan «Registon» ansambli tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu yodgorlikni asrab-avaylash, kelajak-avlodga yetkazish, yurtimizga kelayotgan sayyohlarga qadimiy obidalarmizni o‘z holicha ko‘rsatish, qolaversa, nafaqat Samarqandning, balki butun O‘zbekistonning turizm salohiyatini targ‘ib etish uchun barcha sharoit yaratilgan yangi turizm markazining imkoniyatlarini ko‘rsatish maqsadida ushbu maskan tanlandi, – degan rejissyor Shamsiddin Usmonov. 

Zukko o‘quvchi anjuman «yodgorlikni asrab avaylash, kelajak avlodga yetkazish»ga qanchalik xalal bergan, degan savolni ham o‘rtaga tashlashi tabiiy. Xo‘sh, bir emas, ikki emas, o‘n ikkita festivalni o‘tkazgan Registonga tadbir nimasi bilan ta’sir qildi? Nega bugunga kelib yodgorlikni asar-avaylash kerakligini tushunib yetdik? Yodgorlik va festival nomutanosibligi borasida rasmiy, ilmiy xulosalar bormi?

I, II va III xalqaro «Sharq taronalari» festivallarining ochilish va yopilish qismlari misli ko‘rilmagan dabdabani ta’minlashda maydondagi mushakbozlik o‘rni katta bo‘ldi. Ularning barida mushaklar Tillakori madrasasi tomidan otilgan. Mushaklar otilishidan paydo bo‘lgan detonatsiya va rezonans ta’siri bir chaqirim radiusda ham sezilardi. Soddaroq tilda aytganda, 10 mahalla narida ham mushak otilgan vaqtda yeru osmon titragandek bo‘lardi. Ayniqsa, III musiqiy festival paytida Registon orqa tomonidan yetib kelgan o‘t o‘chirish mashinalarini aholi yaxshi eslaydi. Bu 2001 yil avgustidagi voqea.

Oradan ko‘p o‘tmay, 12 sentyabrda Samarqand viloyat tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash va ulardan foydalanish davlat nazorati qoshidagi ekspert kengashi yig‘ilish o‘tkazdi. Jurnalistlar yig‘ilishda ko‘tarilgan masalani oydinlashtirishi, hujjat nusxalariga ega bo‘lishi juda qiyin kechgan. Lekin, baribir bir necha oydan keyin bo‘lsa ham yig‘ilish bayonnomasi qo‘lga tegdi. O‘sha bayonnomadan iqtibos:

«Kun tartibi:

Samariand shahridagi  Registon maydonida  III Xalqaro «Sharq taronalari» festivali o‘tkazilgandan so‘ng, Registon ansambli holatini ko‘rib chiqish.

... Kengash a’zolari tomonidan Registon ansamblidagi Tillakori, Mirzo Ulug‘bek va  Sherdor madrasalarini ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida quyidagilar aniqlandi.

Tillakori madrasasi bo‘yicha

Bosh kirish peshtoqi – peshtoqning yuqori kataba va timpan qismida mushaklar ta’sirida pardoz plitkalarning kuyganligi va rangi o‘zgarganligi, bosh kirish peshtoqining tunuka tom qoplamasida kattaligi 50-70 mm, 70-120 mm bo‘lgan ko‘pgina  (mushaklarning tom ustiga tushib kuydirishi natijasida) teshiklar paydo bo‘lgan. Peshtoqning  janubiy, g‘arbiy  va sharqiy portal devorlaridagi pardoz plitkalari ayrim joylarda tushib ketgan, madrasaning janubiy g‘arbiy qismida joylashgan minora gumbazidagi pardoz plitkalarining 8-12 foizi tushgan, gumbaz konstruksiyasidagi yoriqlar kattalashgan bo‘lib, kuchli ovozlar detonatsiyasi ta’sirida pardoz plitkalar gumbaz devoridan ajralgan va tushib ketish holatida ekanligi aniqlandi.

Mirzo Ulug‘bek madrasasi bo‘yicha

Bosh kirish peshtoqi qismidagi orqa devordagi yoriqlar 3-5 santimetrga kengaygan bo‘lib, katta hajmdagi pardoz bo‘lagi tushib ketish holatiga kelgan. Madrasa devoridagi pardoz plitkalarining ayrim joylarida tushib ketganligi aniqlandi...»

Bayonnomada Sherdor madrasasida ham yuqoridagi kabi o‘zgarishlar sodir bo‘lgani, shuningdek, sahnalarni jihozlash uchun tortilgan troslar Mirzo Ulug‘bek  va Sherdor madrasasi bosh kirish peshtoqlari portallarining yuza qismiga biriktirilgani va sahna jihozlarining osilishi natijasida ayrim egilishlar hosil bo‘lganligi qayd etilgan. Shuningdek, rezonans ta’sirida qiyshaygan minoralarning og‘ish burchagi kattalashishi mumkinligi yozilgan.

Bayonnomani ekspert kengashining 9 nafar a’zosi imzolagan – tarixiy obidalar bo‘yicha yetuk, manaman degan mutaxassislar. Hujjatda ularning har biri fikri aks etgan. Viloyat tarix va madaniyat yodgorliklarini saqlash va ulardan foydalanish davlat nazorati rahbari Maysara opa Nabirayeva aytgan mana bu gaplardan bilish mumkinki, ekspert kengashi tadqiqotni muntazam olib borgan.

«Nabirayeva M.A.: – O‘tgan 1999-yilgi II xalqaro «Sharq taronalari» festivalidan so‘ng ham yodgorlik binolari ko‘rikdan o‘tkazilganda, xuddi shunday holat ko‘zga tashlangan bo‘lib, mutasaddi tashkilotlarga xabar bergan edik. Afsuski, bu yilgi festivaldan yodgorlikning ziyoni oldingisiga qaraganda anchagina ko‘pdir.» 

Ana shu hujjat orqali jurnalist sifatida mavzuni o‘rganish mening chekimga tushgan ekan, ekspertlar bilan bog‘lanish harakatida bo‘ldim. Ekspert kengash a’zosi Almos Umarov intervyu berishga rozi bo‘lgan kam sonli mutaxassislardan biri bo‘ldi.

– Bilasizmi, bino loyiha asosida qadimiy usul – xataba orqali pardozlangan, – deya batafsil tushuntirgandi viloyat yodgorliklarni saqlash davlat nazorati bosh mutaxassis noziri Almos Umarov. – Bunga ko‘ra, devor va pardoz yuza oralig‘ida bo‘shliq qoldiriladi. Bu yillar bo‘yi devorlarda to‘plangan tuzlarning yuzaga urilishidan asraydi. Ammo ayni shu narsa baland, shovqinli ovozlar rezonans ta’sirini kuchaytiradi ham. Natijada pardoz plitkalari tushib ketadi.

Keyin, Registon ansambli direktor o‘rinbosar Qurbon Hasanov huzurlariga borganman. Ular qaqshab, oddiy tilda, o‘xshatishlar bilan gapirardi. «Bu, axir, munkillab qolgan boboydek. Qartayib qolgan odamga qattiq ovqat yoqmaydi, yengil shabadadan ham badani uvishadi, qo‘lini qattiq siqsang, ozorlanadi... »

Tarixchidan nima qilish kerak deb so‘raganimda shunday degandi:

 – Shukr, so‘nggi yillarda Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, – degandi rahmatli Qurbon Hasanov. – Imom al-Buxoriy maqbaralari atrofida juda qisqa muddatda o‘n-yigirma yillik ishlar bajarildi. Moturudiy maqbarasi haqida ham shu gapni aytish mumkin. Bu ishlar oldida shaharning biror yangi mavzesi hududida go‘zal, hashamatli amfiteatr qurish hech gap emas. 

Ha, festivalni Samarqandning boshqa bir chekka hududida o‘tkazishni 2001-yildayoq Qurbon Hasanov taklif qilgandilar.

Ana shu mulohazalar Xurshid Do‘stmuhammad muharrirligidagi «Hurriyat» gazetasida  (2002-yil 16-yanvar soni, «Asragim keladi, seni Registon!») e’lon qilindi. Bosh sahifada «Registonda zambarak otmang!» deb anons ham qo‘yildi.

Biroq, shundan so‘ng ham masala to‘laqonli yechim topmadi. IV «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalidan boshlab mushaklar obida tomidan emas, balki Registon majmuasi orqa tomonidagi maydondan, 100 metrcha masofadan otila boshlandi. Bu yechim emasdi, albatta. Rango rang mushaklar qanchalik go‘zal bo‘lmasin, festival ishtirokchilari «gumbur-qars»lardan qanchalik zavqlanmasin, mushaklar sun’iy silkinishni keltirib chiqarardi...

O‘sha vaqtlarda bir tomondan madaniy yodgorliklarni saqlashga mas’ullar, ikkinchi tomondan Madaniyat vazirligi mulozimlari festivalning Registonga hech qanday zarari yo‘q, deb aytib keldilar.

2007-yil aprel oyida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining Dushanbedagi uchrashuvi doirasida O‘zbekiston hay’ati «Sharq taronalari» festivaliga tayyorgarlik borasida axborot bergan. Tanaffusda Bi-bi-si O‘zbekiston Madaniyat va Sport ishlari vazirining o‘sha paytdagi birinchi o‘rinbosari Baxtiyor Sayfullayev jurnalistning Registon ansamblida o‘tadigan ushbu tadbirning tarixiy obidalarga zarari haqidagi savoliga javob bergan.

«Yo‘q, bu hech qanaqa zarar keltirmaydi texnik tomondan. Deylik, bu mushakbozlik, boshqa narsalardan qandaydir zarar ko‘radi obidalar deyolmayman. Hech qanday zarar ko‘rmaydi! Lekin, bu narsalarni biz orqa tomonga olayapmiz hozir. Bu tayyor sahna. Hech qanday dekoratsiya, boshqa narsalar kerak emas. Samarqand shahrining bosh maydoni Registon maydonini bu festivalning ramzi deb bilamiz», – degan Baxtiyor Sayfullayev.

Har toq yilda o‘tkazilishi an’anaga aylanib qolgan «Sharq taronalari»ning birinchi marta pandemiya tufayli qoldirilgan yilida esa «Daryo» nashri «Sayyohlarsiz va Sharq taronalarisiz qolgan Samarqand» sarlavhali maqola e’lon qilgan.

Unda, jumladan, shunday deyiladi:

«Har yomonning bir yaxshisi bor» deganlaridek, pandemiya «sharofati» bilan Registon bu yil detonatsiyadan, rezonansdan qutuldi, deb xursand bo‘layotgan shaharliklar ham bor. Bayramona festival, u bahona shaharga ko‘plab xorijiy mehmonlar kelishi yaxshi, ammo tomosha oxirida bo‘ladigan katta mushakbozlik, Samarqandning tarixiy obidalari taqdiriga befarq bo‘lmagan aholi fikricha, muammo edi…»

O‘z navbatida, bu maqolada ham 2001-yilgi tarixiy hujjat ustida to‘xtab o‘tilgan.   

Bugun esa quvonsak arziydi: nihoyat masala yechim topdi. Shu gaplarni hozir aytish zarurmidi deguvchilar topilar.

Ha, aytish, yozish, ko‘rsatish kerak, shart bo‘lgan mavzu bu.

Zero, xatolar takrorlanmasin. Axir, bugun Samarqandda shahar qiyofasini buzib bo‘lsa ham 30 qavatli binolar ko‘tarish qo‘limizdan keladi, biroq Registonni hech kim qurolmaydi! Registon buyuk falsafani bag‘rida yashirgan sirli dargoh. Uning qutqarilgani barcha yurtdoshlarimizga muborak bo‘lsin!

Mustahkam Tangriyorova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring