Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ucell o‘z va’dasini bajardi: Toshkent-Buxoro yo‘nalishida 72 ta yangi tayanch stansiya ishga tushirildi

Ucell o‘z va’dasini bajardi: Toshkent-Buxoro yo‘nalishida 72 ta yangi tayanch stansiya ishga tushirildi

2024 yil aprel oyida Ucell kompaniyasi O‘zbekistondagi turistik yo‘nalishlarda uyali aloqa sifatini yaxshilash bo‘yicha ishlarini jadallashtirish maqsadida Toshkent-Buxoro yo‘nalishida telejurnalistlar va blogerlar ishtirokida media-tur uyushtirgandi. Unda qatnashchilar yo‘l bo‘ylab aloqa sifatini amalda sinovdan o‘tkazib, yangi bazaviy stansiyalar qurilishi boshlangan hududlarga tashrif buyurgandi.

Kompaniya mutaxassislari o‘shanda quyidagicha va’da bergan edi: «Bir yildan so‘ng aynan shu maskanlarga yana qaytamiz va sizning o‘zingiz o‘zgarishlarga baho berasiz».

Va’da bajarilgani bilan go‘zal

2025 yilda Ucell kompaniyasi tomonidan Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan yo‘nalishda mobil aloqa tarmog‘ini kengaytirish doirasida 72 ta yangi tayanch stansiya qurildi va 29 ta mavjud stansiya modernizatsiya qilindi. Bu orqali yo‘nalish bo‘ylab shaharlar, qishloqlar va avtomagistral yo‘llarda mobil aloqa va internet sifatini sezilarli darajada yaxshilashga erishildi.

Shu munosabat bilan Ucell joriy yil aprel oyida yangi tayanch stansiyalarni ko‘zdan kechirish maqsadida maxsus media-tur tashkil qildi. Tashrif Navoiy viloyati Qiziltepa tumanidagi yangi ishga tushirilgan To‘dako‘l tayanch stansiyasidan boshlandi. Mazkur stansiya muhim yo‘l harakati o‘tadigan hududda joylashgan bo‘lib, transport oqimi uchun barqaror mobil aloqa va internet xizmatlarini ta’minlaydi.

Media-turning navbatdagi manzili Buxoro shahri bo‘ldi. Bu yerda Ucell tomonidan «Buxoro savdo majmuasi» savdo-ko‘ngilochar markazi hududida zamonaviy 5G texnologiyasi joriy etilgan. Kompleks maydoni 60 ming kvadrat metrdan ortiq hududni yuqori tezlikdagi internet bilan qamrab olgan. Majmuaga tashrif buyuruvchi mehmonlar va xaridorlar kunning istalgan vaqtida 1 Gbit/s gacha tezlikdagi internetga ulanish imkoniyatiga ega bo‘lishmoqda.

Shuningdek, media-tur davomida Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanidagi va M37 avtomagistral yo‘lidagi tayanch stansiyasi ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu NV2313 stansiyasi Buxoro-G‘ijduvon-Navoiy yo‘lining 12 km qismida joylashgan bo‘lib, atrofdagi aholi va yo‘lbo‘yi harakati uchun barqaror aloqa imkoniyatini yaratmoqda.

Loyiha doirasida Samarqand viloyatida 29 ta yangi tayanch stansiya qurildi va 11 ta mavjud stansiya modernizatsiya qilindi. Hududda 5G qamrov hududlari ham izchil kengaymoqda. Shu bilan birga, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida jami 33 ta stansiya, shundan 26 ta yangi va 7 ta yangilangan ob’yekt ishga tushirildi. Barcha hududlarda zamonaviy aloqa va yuqori tezlikdagi internet xizmatlarini ta’minlashga qaratilgan ishlar izchil davom etmoqda.

Kompaniya vakillari ta’kidlashicha, bunday keng ko‘lamli ishlar mahalliy mutaxassislarning samarali va tizimli mehnati natijasi hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi maqsadlariga xizmat qiladi.

Media-tur davomida kompaniya xodimlari o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Jaloliddin Boyqulov, «Ucell» kompleks yechimlar guruhi rahbari:

 – Bir yil davomida Ucell kompaniyasi O‘zbekiston hududidagi eng yirik 16 ta savdo-ko‘ngilochar markazlarda 5G aloqalarini ishga tushirdi. Bu, albatta, yuqori tezlikli internet xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yaratadi. Ushbu markazda 60 ming kvadrat metrdan ortiq hududda 5G tarmog‘i ishga tushirilgan.

Mehriddin Muhammedov, «Ucell-Buxoro» va «Ucell-Navoiy» hududiy bo‘limlari direktori:

 – Buxoro va Navoiy viloyatlarida yo‘nalish bo‘yicha 13 ta yangi stansiya ishga tushirildi, mavjud 11 tasi modernizatsiya qilindi. Bugungi kunda aloqa nafaqat shaharlarda, balki yirik avtomobil yo‘llarida ham sifatli ta’minlanmoqda. Aholi, sayyohlar va biznes uchun barqaror aloqa yaratish bizning asosiy maqsadimiz.

Emil Kurtnazarov, «Ucell-Samarqand» hududiy bo‘limi direktori:

– O‘tgan yili Toshkent-Buxoro yo‘nalishi, Samarqand qismida 29 ta yangi stansiya qurildi. Aloqa sifati shaharlarda ham, qishloq joylarda ham sezilarli darajada yaxshilangan.

Orif Toyirxodjayev, «Ucell-Samarqand» hududiy bo‘limi bosh muhandisi:

 – Bizning asosiy vazifamiz – 10 million abonentimizni sifatli va ishonchli uyali aloqa bilan ta’minlash. Jamoamiz tomonidan o‘tgan yil boshidan to bugunga qadar 118 ta yangi tayanch stansiya qurildi, 131 tasi qayta modernizatsiya qilindi. Samarqandimizda 5G tarmog‘i tayanch stansiyalari ilg‘or texnologiya sifatida ishga tushirilgan – birinchi bo‘lib desak, xato bo‘lmaydi. Bugungi kunda shaharning turistik markazlarida 41 ta stansiya bor.

Ruslan O‘runov, «Ucell-Jizzax» va «Ucell-Guliston» hududiy bo‘limlari direktori:

Jizzax viloyatida bir yilda ushbu yo‘nalish bo‘ylab 15 ta yangi tayanch stansiyasi foydalanishga topshirildi, mavjud 7 ta stansiya modernizatsiya qilindi. Sirdaryo viloyatida esa 11 ta yangi stansiya ishlamoqda. Bu muammoli hududlarni qamrab olish va aynan kerakli joylarda sifatli aloqani ta’minlash imkonini berdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring