Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Urganch aeroporti vaqtincha yopilyapti

Urganch aeroporti vaqtincha yopilyapti

Urganch xalqaro aeroportining uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilinishi munosabati bilan 2024 yilning 20 iyulidan 7 avgustiga qadar yopiladi.

Ma’lum qilinishicha, rekonstruksiya davrida barcha rejalashtirilgan reyslar Nukus xalqaro aeroportiga yo‘naltiriladi. «Uzbekistan Airports» yo‘lovchilarga Nukus va Urganch aeroportlari o‘rtasida bepul transfer xizmatini taqdim etadi. Avtobuslar yo‘lovchilarni jo‘nab ketishda ham, uchib kelishda ham manzil aeroportiga olib boradi.

Xabarda aytilishicha, yo‘lovchilar quyida ko‘rsatilgan vaqtlarda belgilangan manzilda bo‘lishlari kerak. Masalan, Urganchdan Moskvaga HY-9615 reysi bilan uchayotgan yo‘lovchilar Urganch aeroportiga soat 23:00 da yetib kelishi lozim. Jadvalga ko‘ra, avtobuslar yo‘lovchilarni Urganch aeroportidan soat 23:30 da olib ketadi. Soat 02:30 da yo‘lovchilar Nukus aeroportiga yetkaziladi va u yerdan Moskvaga uchishadi. Moskvadan qaytgan yo‘lovchilarni Nukusdan Urganchga yetkazish jarayoni ham xuddi shunday tashkil etiladi. Nukus aeroportida chegara nazoratidan o‘tib, yuklarni qabul qilib olgan yo‘lovchilarni Urganchga yo‘l oladigan avtobuslar kutib turadi.

Har bir alohida yo‘nalish bo‘yicha to‘liq avtobuslar qatnovi jadvalini ushbu havola orqali topish mumkin. Qo‘shimcha ma’lumot uchun esa Aloqa markazi (+998 55 501 45 55)ga murojaat qilish so‘ralmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring