Uydagi itlarni ham IIV kinologiya bo‘linmalarida «o‘qitish» mumkin bo‘ladi
Ichki ishlar organlari kinologiya bo‘linmalarida jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli itlarni umumiy bo‘ysunuvchanlik, himoya-qorovul ko‘nikmalariga tayyorlash bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashga doir hujjat loyihasi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, kelgusida kinologiya bo‘linmalarida shartnoma asosida haq evaziga jami 21 nomdagi it zotlarini umumiy bo‘ysunuvchanlik hamda himoya-qorovul ko‘nikmalariga tayyorlash bo‘yicha xizmat ko‘rsatiladi.
Itlar umumiy bo‘ysunuvchanlik va himoya-qorovul ko‘nikmalarini egallashi uchun ikki oylik tayyorlash kursida qatnashishi kerak bo‘ladi.
Bunda itni boshqarish, yo‘naltirish va ularga biror holatni qabul qilishi uchun zarur bo‘lgan umumiy bo‘ysunuvchanlik ko‘nikmalari (masalan, «Qayt», «Oldimga» kabi) hamda himoya-qorovul ko‘nikmalari o‘rgatiladi.
Kinologiya bo‘linmalariga buyurtmachiga tegishli itlarni qabul qilishda klinik sog‘lomligi va tayyorlash uchun sakkiz oydan oshgani e’tiborga olinadi. Veterinariya xulosasi bilan belgilangan tartibda test sinovidan o‘tkaziladi.
Buyurtmachilarga ko‘rsatiladigan pulli xizmatlar narxlari bozor kon’yunkturasi hisobga olinib, shartnoma asosida erkin belgilanadi.
Kinologiya bo‘linmalari tomonidan xizmatlarni ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar ichki ishlar organlarining rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi hamda belgilangan tartibda kinologiya bo‘linmalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda xodimlarni moddiy rag‘batlantirish uchun sarflanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter