Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vaqt uvolining badali: uni to‘lashga tayyormisiz?

Vaqt uvolining badali: uni to‘lashga tayyormisiz?

foto: chatgpt

Vaqtning qadr-qimmati haqida o‘ylaganimda Fransuz yozuvchisi Mark Levining “Osmon va zamin o‘rtasida” nomli asaridagi ikki qahramon dialogi esimga keladi. Uning qisqacha mazmuni shunday: tasavvur qiling, har tong hisobingizga 86 400 dollar tushadi. Sharti ularni kun oxirigacha ishlatish, aks holda qoldiq kuyib ketadi. Eng yomoni, bu “o‘yin” istalgan soniyada to‘xtashi mumkin. Shu pullarni kuyib ketmasligi uchun albatta oxirgi tiyinigacha ishlatgan bo‘lardingiz...

Endi keling, o‘sha pul bankini vaqt banki deb tasavvur qilamiz. Har tong uyg‘onganimizda bizga 86 400 soniya hayot krediti beriladi va har oqshom ishlatilmagan lahzalar mangulikka g‘oyib bo‘ladi. Kun davomida nimani yashab o‘tmagan bo‘lsak — hammasi boy beriladi. Bu har tong takrorlanadi.  Biroq biz shunday qoida asosida o‘ynaymizki, uni chetlab o‘tishning iloji yo‘q: bank istalgan daqiqada, ogohlantirishsiz hisobimizni yopib qo‘yishi, hayot har soniyada to‘xtashi mumkin. Biz o‘zimizning har kunlik 86 400 soniyalarimizni nimaga sarflayapmiz? Axir hayotning bir soniyasi dollardan ko‘ra muhimroq, shunday emasmi?

Biz uvol qilgan vaqtimiz uchun qanday badal to‘laymiz?

Vaqt isrofi, deganda avvallari shunchaki bo‘sh o‘tirishni tushunardik. Endi esa bekorchilikka vaqt yo‘q, uning o‘rnini maqsadsiz “virtual olam”da kezish istagi egallagan. Afsuski, bugungi kunda vaqt isrofi “diqqatning parchalanishi” qiyofasida namoyon bo‘lmoqda.

Agar inson kuniga atigi ikki soat vaqtini ijtimoiy tarmoqlardagi mazmunsiz videolarga, behuda bahslarga sarflasa, 70 yillik umr davomida bu raqam olti yilni tashkil etadi. Bu olti yil ichida inson bitta chet tilini mukammal o‘rganishi, bir kasb egasi bo‘lishi yoki o‘z sohasining dunyo miqyosidagi ekspertiga aylanishi mumkin ekan.

Zamonaviy texnologiyalar bizga vaqtni tejash uchun xizmat qilishi kerak edi, ammo ular vaqtni eng ko‘p yutadigan “qora tuynuk”ka aylandi.

Misol uchun birgina “qisqa videolar” algoritmi shunday tuzilganki, inson miyasi arzon dofamin olish ilinjida vaqt chegarasini yo‘qotadi. Bu yerda isrof bo‘layotgan narsa faqat soatlar emas, balki insonning diqqat jamlash qobiliyatidir. Diqqati parchalangan odam murakkab ilmiy va strategik muammolarni hal qila olmaydigan “yuzaki iste’molchi”ga aylanadi.

Ilm-fanda “Raqamli gipnoz” deb ataluvchi holat shunchaki irodasizlik bilan bog‘liq jarayon emas. Bu dunyodagi eng aqlli algoritmlarning inson psixologiyasi ustidan qozongan g‘alabasidir. Psixologiyada “Alisa mo‘’jizalar mamlakatida” sindromi bejiz tilga olinmaydi. Biz biror muhim ma’lumotni izlab yoki shunchaki bir daqiqaga ijtimoiy tarmoqqa kiramiz ya’ni quyon izidan tushamiz. Ammo algoritm bizni shunday devor bilan o‘rab oladiki, vaqt va makon tuyg‘usi yo‘qoladi. “Alisa devori”ning eng xavfli oqibati u insonni chuqur fikrlash qobiliyatidan mahrum qiladi. Alisa quyonning izidan yurib ajoyibotlar dunyosiga tushgan bo‘lsa, biz ijtimoiy tarmoqlar orqali “quyon uyasi”ga tushib, o‘z hayotimizni boy beryapmiz. Farqi shundaki, Alisa uyg‘onganida bu shunchaki tush edi, biz uyg‘onganimizda esa boy berilgan yillar va sovurilgan umr haqiqatiga duch kelamiz.

“Cheksiz aylantirish” texnologiyasining ixtirochisi Aza Raskin uni “vizual kokain” deb ataydi, keyinchalik u bu ixtirosidan afsuslanishini aytgan.

Odatda, kitob o‘qiganda bob tugashi yoki gazetaning oxirgi sahifasi miyaga “to‘xta!” degan signal beradi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu “to‘xtash signallari” ataylab yo‘q qilingan. Miya keyingi yangilikni kutib, to‘xtovsiz dofamin ajratadi va siz “bank”dan olgan soniyalaringizni bitta-bitta algoritm savatchasiga tashlayverasiz. Agar siz biror kontentda 3 soniya to‘xtasangiz, algoritm sizning diqqatingizni “sotib oladi”. Endi u sizni uyaning ichiga yanada chuqurroq tortadi — o‘xshash mavzularni qalashtirib tashlaydi.

Har tong berilgan 86 400 soniya bu sizning shaxsiy mulkingiz. Lekin sizning diqqatingiz hisobiga iqtisodiyotini boyitayotgan yirik korporatsiyalar uchun vaqtingiz xom ashyo hisoblanadi. Siz “tekin” video ko‘ryapman deb o‘ylaysiz, aslida esa vaqt bankingizdagi eng qimmatli soniyalarni o‘sha videoni yaratgan va reklama berganlarga to‘layapsiz, ya’ni sizning vaqtingiz mahsulotga aylanmoqda!

Microsoft kompaniyasi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, zamonaviy insonning diqqatni bir joyga jamlash davomiyligi 8 soniyagacha tushib ketgan — bu hatto akvariumdagi oltin baliqchaning diqqatidan ham kamroq! Yosh bolalarning miyasi bu tuzoqqa besh barobar tezroq tushadi. Ular “quyon uyasi”ga kirib qolganda, atrofdagi real dunyoni mutlaqo his qilmay qo‘yadi. Bu ma’naviy isrofning eng ayanchli nuqtasi, bolalikning ekran qarshisida yo‘qolishidir.

Har tongda 86 400 soniya hadya etuvchi sehrli bankka kirish yo‘lagida bizni “Alisa ajoyibotlar dunyosida” ertagidagi kabi  “aldamchi quyonlar” kutib turibdi. Agar Mark Levining qahramoni har bir dollarni (soniyani) baxt va sovg‘alarga sarflashni orzu qilgan bo‘lsa, biz zamonaviy Alisalar bu xazinani raqamli “quyon uyalari”da qoldirib ketyapmiz va vaqt banki istalgan soniyada ogohlantirishsiz yopilishi mumkinligini unutayapmiz. Bugungi internet rivojlangan zamonda uvol qilingan vaqt badali juda og‘ir. Kun keladiki, siz nafaqat vaqtingizni boy berasiz, balki uni yelga sovurganingizni anglay olmaydigan, irodasi va diqqati algoritmlar tomonidan boshqariladigan  raqamli zombiga aylanasiz.  

Bugungi vaqt isrofi avvalgi zamonlardagidek shunchaki pushaymonlik emas. Bu ma’naviy o‘z-o‘zini qirg‘in qilishdir. Eng dahshatlisi, nafaqat soniyalarimiz, balki pushaymon bo‘lish tuyg‘ularimiz ham boy beriladi, hissiyotlarimiz birin-ketin karaxtlikka uchraydi. Diqqati titilgan, fikri sochilgan inson uchun boy berilgan umrning hech qanday qadri qolmaydi. Chunki u nimani yo‘qotganini anglay olmaydigan darajada ichki dunyosidan ayriladi. Biz shunchaki vaqtimiz bilan emas, balki inson bo‘lib qolish huquqimiz bilan badal to‘layapmiz. Vaqtning uvoli sizning his-tuyg‘ularingizni yemirib, qalbingizni muzlatgan holda o‘z haqqini olishi muqarrar.  

Ayting-chi, siz bunday mudhish badalni to‘lashga haqiqatdan ham tayyormisiz?

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring