Xo‘jako‘rsinga ekilgan ko‘chatlar yoxud «Yashil makon» loyihasidagi talon-torojliklar
Namangan viloyatida «Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida bir nechta qoidabuzarliklar aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, hududlarda belgilangan ko‘chat ekish rejasi yerlarga nomuvofiq taqsimlangan, ko‘chat o‘rniga terak, tol, atirgul qalamchalari ekilib, reja xo‘jako‘rsinga bajarilgan.
Viloyat prokuraturasi tomonidan 2022 yil 20 oktyabrdan 1 dekabrgacha dolzarb qirq kunlikda maktab, bog‘cha va sog‘liqni saqlash muassasalarida ekilgan ko‘chatlarning haqqoniyligi tahlil qilinganida, 375,6 mingta ko‘chat qo‘shib yozilgani aniqlandi. Masalan, Namangan tumanidagi ta’lim muassasalarida 2900 ta daraxt ekish rejalashtirilgan, haqiqatda esa 1900 ta ko‘chat ekilgan.
Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi tomonidan birgina 32-maktabning 0,55 gektar yeriga 80 ming dona terak qalamchasi qadalgan.
Qalamchalarning zich ekilishi agrotexnik tadbirlar o‘tkazilishiga imkon bermaydi. Bu esa qalamchalarning kasallanishi va sifatli ko‘chat bermasligiga olib kelgan.
Shuningdek, Namangan tumani xalq ta’limi bo‘limi «Musaffo yangi asr» va «Davr yangi hayot» MChJlar bilan tuzilgan elektron shartnomalar asosida olingan 45 mln so‘mlik, tuman obodonlashtirish boshqarmasi «Ideal mega trade povar» MChJ bilan tuzilgan shartnoma asosida olingan 17 mln so‘mlik terak ko‘chatlarini ekmagan, shu tariqa davlatning 62 mln so‘m mablag‘i talon-toroj qilingan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter