«Yong‘in xavfsizligi a’lochisi» tanlovi g‘olibi faoliyati 2 yil tekshirilmaydi – Hukumat qarori
Hukumatning 620-sonli qarori bilan «Yong‘in xavfsizligi a’lochisi» tanlovi 2024-yildan boshlab har yili oktyabr-dekabr oylarida yong‘in chiqish xavfi bo‘yicha I va II guruhga mansub obyektlarga ega tadbirkorlik sub’yektlari o‘rtasida navbat bilan yillar ketma-ketligida o‘tkaziladi.
«Yong‘indan ogohlik» umummilliy kampaniyasi doirasida o‘tkaziladigan tanlovda ishtirok etish uchun arizalar FFVning maxsus elektron axborot tizimi orqali qabul qilinadi. Tanlov g‘olibi talabgorlarning yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishini o‘rganish orqali aniqlanadi.
Tanlovda ishtirok etish uchun taqdim etilgan ob’yektda so‘nggi 12 oy davomida yong‘in sodir bo‘lgan va (yoki) tadbirkorlik sub’yektiga yong‘in xavfsizligi talablari buzilishini bartaraf etish to‘g‘risida davlat yong‘in nazorati organining yozma ko‘rsatmasi yoxud ob’yekt yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiq emasligi to‘g‘risida xulosasi berilgan taqdirda, tadbirkorlik sub’yektining tanlovda ishtirok etish uchun arizasi qabul qilinmaydi.
Hujjatga muvofiq tanlov g‘olibiga 100 mln so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi hamda uning faoliyati ikki yil davomida davlat yong‘in nazorati organlari tomonidan tekshirilmaydi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar darajasidagi saralash tadbirlarida hamda tanlovda ikkinchi va uchinchi o‘rinni olgan ishtirokchilar Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan qonunchilikda taqiqlanmagan manbalar hisobidan qo‘shimcha rag‘batlantirilishi mumkin.
Tanlovni o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Favqulodda vaziyatlar vazirligining budjetdan tashqari mablag‘lari hamda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi nazarda tutilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter