Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Yoshlar ittifoqi fan olimpiadasi» tashkil etiladi

«Yoshlar ittifoqi fan olimpiadasi» tashkil etiladi

Xabar berganimizdek, Surxondaryo viloyatidagi “Xalqaro yoshlar oromgohi”da O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi hamda Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida “A’lo ta’til” loyihasi davom etmoqda. 3-10 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadigan dam olish va ijod oromgohida barcha hududlardan kelgan 192 nafar a’lochi o‘quvchi hordiq chiqarmoqda.

Bugun loyiha ishtirokchilari O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quronboyev bilan uchrashdilar. Quronboyev o‘quvchilarning dam olish sharoiti, ijodiy loyihalari va taklif-tashabbuslari bilan tanishdi.

— 1000 nafarga yaqin o‘quvchi orasidan saralab olingan bolajonlarning bilim olishga, yangi tashabbuslarga bo‘lgan intilishi bizni yangi loyihalarni amalga oshirishga undaydi, — dedi Qahramon Quronboyev. — Yoshlar yetakchisi sifatida siz o‘quvchilar bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmasligi va yoshlarni qiynayotgan har qanday masalani hal qilishga o‘zimni mas’ul deb bilaman. Shu ma’noda Qoraqalpog‘iston Respublikasidan tashrif buyurgan o‘quvchining “Yoshlar ittifoqi fan olimpiadasi”ni o‘tkazish taklifini, albatta, amalga oshiramiz.

— Jizzax shahridagi 19-maktabning 4-sinfida o‘qiyman, — deydi Shohruzbek Solijonov. — Loyihaning eng kichik ishtirokchilaridan biriman. Loyiha doirasidagi ijodiy va kasbiy uchrashuvlar, sport musobaqalari va Termiz shahri bo‘ylab sayohat qishki ta’tilni maroqli o‘tkazishimizga imkon yaratdi. Bu yilgi ta’til xotiramizda uzoq vaqt saqlanib qoladi, yangi yilda yangi yutuqlarni egallash va yanada yaxshi o‘qishga undaydi.

Uchrashuv yakunida yoshlarga O‘zbekiston Yoshlar ittifoqining esdalik sovg‘alari taqdim etildi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring