Biz har kuni ishlatadigan buyumlarning ham yaroqlilik muddati bor

Oziq-ovqat mahsulotini xarid qilayotganda ularning yaroqlilik muddatiga e’tibor beramiz. Chunki, misol uchun, eskirgan sut yoki go‘shtni iste’mol qilish xavfli ekanini yaxshi bilamiz. Lekin maishiy buyumlarni sotib olayotganda ularning xizmat qilish muddatiga e’tibor qaratmaymiz. Ustiga-ustak, ularning ko‘pchiligini umrbod ishlatib bo‘lmaydi. Ularni vaqtida almashtirib turmasangiz, sog‘ligingizga zarar yetkazishi turgan gap.
Sochiq
Xizmat muddati: 1 — 3 yil
Vaqt-soati yetgach sochiq namlikni singdirish qobiliyatini to‘liq yo‘qotadi va zararli bakteriyalar ko‘payadigan makonga aylanadi. Sochiq kam yuvilganda, ayniqsa, «tez ishdan chiqadi». Shuning uchun hammom aksessuarini vaqtida almashtirib turishni unutmang.
Yostiq
Xizmat muddati: 2-3 yil
Yostiq ham bakteriya va mikroblar o‘chog‘i hisoblanadi. Yana unga kanalar joylashib oladi. To‘g‘ri, ularning o‘zi odamga xavf tug‘dirmasligi mumkin. Lekin hayotiy faoliyati davomida hosil bo‘lgan mahsulotlar — juda zarar. Buning oqibatida bronxial astma va allergiya kelib chiqishi hech gap emas.
Shippak
Xizmat muddati: 6 oy
Uyda sintetik materiallardan tayyorlangan shippakda yurishga odatlangan bo‘lsangiz, unutmang, ularni vaqtida yangisiga almashtirib turish zarur. Bunday poyabzal zamburug‘li kasalliklarni oson yuqtiradi.
Taroq
Xizmat muddati: 1 yil
Sochingiz ipakdek mayin bo‘lishi, bosh terisi qichimasligi uchun shunchaki mos shampunni tanlash kifoya emas. Shuningdek, taroq holatini ham nazorat qilish kerak: ularni haftasiga kamida bir marta yaxshilab yuvish va har yili yangisiga almashtirish zarur. Buning ikkita sababi bor: birinchidan, taroqqa bakteriyalar joylashib olib, ko‘payadi. Ikkinchidan, aksessuar tishlari vaqt o‘tishi bilan o‘tmaslashadi va bosh terisini jarohatlaydi, achishish va qichishni keltirib chiqaradi.
Atir
Xizmat muddati: 1 — 3 yil
Albatta, yaroqlilik muddati o‘tgan xushbo‘y suyuqlik salomatligimizga tiklanmas zarar yetkazishi amrimahol. Biroq xususiyati o‘zgarishi aniq.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter