Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mushuk boqishning 10 qoidasi

Mushuk boqishning 10 qoidasi

Momiqqina mushukchani ko‘rib bag‘riga bosgisi kelmagan bola bo‘lmasa kerak. Chunki ota-onasi doimo ish bilan band bolajonlar odatda mehrga va e’tiborga zor bo‘ladilar. Ular mushukcha timsolida o‘ziga “hamdard” topishadi. Mushuk boqib olishdan avval oila a’zolaringizning jonzotlarga allergiyasi yo‘qligini aniqlab olgach, quyidagi qoidalar bilan tanishishni tavsiya etamiz:

1-qoida. Mushuk boqish uchun uni kichkinaligidan olish mumkin. Shunda mushukcha xonadoningizga tez o‘rganadi, tarbiyalasangiz intizomli bo‘ladi. Mushukchaning yoqimtoyligi, momiqligi, munchoqdek ko‘zlarining jovdirab turishlari ko‘pchilikning mehrini qozonishi aniq.

Bundan tashqari, mushukchalar ham huddi odam bolasidek tunda qo‘rqadi, shuning uchun ko‘p hollarda o‘ziga yaqin bilgan odamning o‘rniga kirib yotishni hush ko‘radi. Uning mayin hurillashi, yoqimli iliq tafti charchoqlaringizni oladi.

Lekin mushukchani belgilangan joyga hojatga borishni o‘rgatish kerak. Buning uchun idishni (do‘konlarda sotiladigan maxsus qutimi, tog‘oracha yoki yelim qutichami) xojat qumi bilan to‘ldirish darkor. Dastlabki soatlarda mushukchani kuzatish zimmangizda, u esnab, u yoqdan-bu yoqqa yura boshlasa, demak u hojatga bormoqchi. Uni darrov olib borib, maxsus joyni ko‘rsating. Qumni ko‘riboq mushukcha nima qilishni o‘zi anglab oladi.

Mushukcha hojatdan bo‘shagach, qumdan qumaloqchalarni tozalab olish mumkin (buning uchun maxsus xokondozlar ham bor), lekin suyuqligi tekkan qumga tegmagan ma’qul. Uch-to‘rt kun shu holda tursa, mushukcha qumdagi hojat isini mo‘ljallab, o‘zi mustaqil ravishda hojat joyini topib kelishni o‘rganib oladi. Faqat u bunga o‘rgangunicha hojat qutisi turgan joyini o‘zgatirmasligingiz kerak.

Yana shuni ham unutmangki, mushuklar ozodalikni yaxshi ko‘radigan jonivorlardan. Mushukchaning hojat qutisi oldiga bironta qattiqroq poyondoz to‘shab qo‘yishni unutmang. Chunki mushuklar, odatda, hojatdan keyin panjalarini hojat qumidan artib tozalashni, ozoda yurishni hush ko‘radilar.

2-qoida. Mushukcha tarbiyalashga ortiqcha vaqt sarflashni istamasangiz katta mushuk oling. Faqat bu mushuk ko‘cha mushugi bo‘lmasligi kerak. Chunki ko‘cha mushuklari odatda erksevar bo‘ladi – istagan paytida ketib, istagan paytida yana uyga qaytishi mumkin.

Erkinlikda tug‘ilib, mustaqil o‘sgan mushuk bilan xonadonda dunyoga kelib, undan qutilish uchun shafqatsizlarcha adashtirib, ko‘chaga tashlab ketilgan mushukning farqi bo‘ladi. “Haydalgan” mushuklar ko‘cha mushugidan farqli o‘laroq, xiyonat dardini totgan bo‘lsa-da, odamlarga ishonchini yo‘qotmaydi. Boshini silagan odamga ergashadi.

Lekin shunga qaramay ko‘cha mushuklari ham ba’zi hollarda odamlarning yordamiga muhtoj bo‘ladi. Masalan, ostonangizga miyovlab kelgan ko‘cha mushugini haydamang, aksincha, unga ovqat, suv bering. Chunki ular faqat yemish tomopolmaganida yoki betob bo‘lganida odamlardan yordam so‘raydi. Bir kishining yerto‘lasida mushuk bolalabdi. U kishi esa, uyimni burga bosib ketmasin deb, ona mushuk va uning bolalarini ko‘chadagi suvsiz ariqqa tashlaydi.

Bahorning sovuq, yomg‘irli havosiga dosh berolmagan mushukchalar ko‘p o‘tmay o‘ldi. Lekin ona mushuk bolalarini uzoq vaqt bag‘riga bosib yotaverdi. Buni ko‘rib qolgan odamlar ona mushukni ovqat bilan chalg‘itib turib, mushuk bolalarining o‘ligini ko‘mishdi. Shu-shu ona mushuk duch kelgan odamga jovdirab, orqasidan ergashib, go‘yo bolalarim qani, ularni nima qildingiz deganday tinmay miyovlaydi.

3-qoida. Yoshiga yetmagan, onasidan “ajramagan”, ona suti emadigan mushukchani boqishga olmang. Yaxshisi, ona mushuk bolasini “begona” qilish davrini kuting. Ya’ni tabiat qonuni bo‘yicha ona mushuklar bolalarini mustaqil hayotga o‘rgatadigan, o‘zidan nari qiladigan vaqt keladi. Bu mushukchaning 4-5 haftalik davriga to‘g‘ri keladi.

4-qoida. Hech qachon yosh bolangizga mushukcha sovg‘a qilmang. Chunki hali dunyoni to‘liq anglab yetmagan farzandingiz o‘zi bilmagan holda mushukchani mayib yoki nobud qilib qo‘yishi mumkin. Yodingizda tuting, mushukchani boqishga oldingizmi, demak siz uning keyingi hayotiga mas’ulsiz!

5-qoida. Mushukni cho‘miltirish kerakmi? Mushuksevarlar bergan ma’lumotlarga ko‘ra, mushukni issiq kunlarda cho‘miltirish mumkin. Lekin sovuq kunlarda, nam sochiq bilan artish kifoya. Yoshga to‘lmagan mushukchalarni esa cho‘miltirmagan ma’qul. Chunki mushukchaning tana harorati tushib ketib, nobud bo‘lishi hech gapmas. Kasal, nimjon, burga bosgan mushukchalar bundan mustasno. Ularni avaylab cho‘miltirgach, yunglari to qurigunicha issiq matoga o‘rab, issiq joyda saqlash va albatta, ovqatlantirish kerak.

6-qoida. Mushuklarning tirnog‘ini olish kerakmi? Bu savolga ha va yo‘q, deb javob berish mumkin. Chunki mushukning tirnog‘ini olmasangiz ham qattiq yerlarga tirnalib, tirnog‘ini o‘zi tushiradi. Agar xonadonim devorlari, yumshoq mebellarim butun bo‘lsin desangiz mushukchaga tirnalish moslamasini o‘zingiz yasab berishingiz mumkin. Buning uchun qanor ip, qattiroq karton qog‘oz va biroz qunt bo‘lishi kifoya.

Agar ozodalik yuzasidan mushukning tirnog‘ini olish kerak degan qarorga kelgan bo‘lsangiz, u holda jonivorning panjalarini shikastlab qo‘ymang. Tirnoqning faqat panjasigacha bo‘lgan uchli qismini olib tashlash kifoya.

7-qoida. Mushugingizni alohida ovqatlantiring. Agar mehringiz jo‘shib, bir marta bo‘lsa ham dasturxoningizdan mushukchaga nimadir yedirsangiz, demak, biling-ki, har safar dasturxon tuzaganingizda stolning biron chetida sizga bir juft momiqqina quloqchalar ko‘rinib, qorni to‘q bo‘lsa-da, ovqat ilinjida o‘tirgan mushugingizni hech qanday aldovlar bilan dasturxondan uzoqlashtira olmaysiz. Bu esa ba’zi mehmonlaringizga yoqmasligi mumkin.

8-qoida. Mushukchani o‘z taomnomangizda bor masalliqlar bilan boqishingiz mumkin. Lekin ba’zida do‘konlardan yoshiga mos suyuq va quruq bo‘lgan maxsus mushuklar taomi bilan siylashni ham unutmang.

9-qoida. Mushuklar boshqa jonzotlar kabi tabiatan ko‘payish instinktiga ega. O‘sha davr boshlanganida mushugingiz hunuk va uzoq miyovlay boshlaydi. O‘zini go‘yo siz bilan gaplashayotganday tutadi. Shunday paytlarda uni zudlik bilan veterenar ko‘rigiga olib boring, zarur choralarni ko‘ring.

10-qoida. Hech qachon, hech qanday vaziyatda sizga o‘rganib qolgan mushukni ko‘chaga haydamang!

Mana shu qoidalarga rioya qilsangiz hayotingiz davomida sizga sodiq bir do‘st hamisha yoningizda bo‘ladi. Yillar o‘tib, bir-biringizni so‘zsiz tushuna boshlaysiz. Oilangizdagi bolalar ham atrof-muhitga, odamlarga mehrli bo‘lib voyaga yetadilar.

Zeboxon Saidova,
O‘zDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti 1-bosqich talabasi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring