Nega «Telegram» «WhatsApp»dan afzal — 8 ta sababi bor
Messenjerlarning eng zo‘ri qaysi deyilsa, o‘ylab ham o‘tirmay «WhatsApp» tilga olinadi, aniqrog‘i, shu messenjer ommalashgan 128 mamlakatda. Uch-to‘rtta yurtda esa «Telegram»dan boshqasini bilishmaydi. Buni qarangki, biz ham ana shu «uch-to‘rttalik»damiz. Kim bilsin, balki bir paytlar «haydalish» kuyi chalinmaganida biz ham «votsaplashib» yurarmidik...
Ammo «Telegram» «votsap»ning bo‘shab qolgan o‘rniga keldi deyish adolatsizlik bo‘lar. Nimasidir bordirki, odamlarning ko‘ngliga o‘tirdi, kuchli va qulay muloqot vositasiga, biznesmenning quroliga aylandi, hattoki davlat organlari o‘z xizmatlarini «telegram»da taqdim etmoqda.
«Telegram»ning siri — o‘ziga xosligi, shunday funksiyalari borki, bemalol «WhatsApp» bilan kuch sinashishi uchun yetarli.
1. Xabarlarni tahrir qilish
Bu o‘zini hurmat qilgan har qanday foydalanuvchi uchun eng kerakli funksiya. Aytaylik, shoshilinchda bir jumlani xato yozib jo‘natib yubordingiz, oddiy xatoga-ku chidasa bo‘lar. Ammo ba’zida... xullas, nimaligini bildingiz. Bu ana shu xatoni hali hech kim o‘qimasidan turib tuzatish imkonini beradigan, sizni xijolatdan qutqaradigan qulaylik.
2. «Secret Chat»
Smaptfonlarda ko‘p shaxsiy ma’lumotlarimizni saqlaymiz. Masalan, shaxsiy yozishmalar tarixi. Sir tutilishi kerak bo‘lgan yoki «bir martalik» xabarchalar. «Telegram»dagi «Secret Chat» funksiyasi shifrlashni qo‘llaydi, bu xabarlar «Telegram» serverlarida saqlanmaydi, ma’lum vaqtdan so‘ng telefoningizdagi yozishmalar qatoridan o‘z-o‘zidan o‘chib ketadi. Bunday xabarlar uchun boshqa manzilga yo‘llash opsiyasi ham ishlamaydi.
3. Katta fayllarni jo‘natish
«Telegram» orqali istaganingizcha hujjatlar, fotosuratlar, videofayllarni yo‘llay olasiz. Ushbu messenjerning «WhatsApp»dan katta ustunligi ham shu. «WhatsApp»da 16 megabaytgacha fayllarni yo‘llay olasiz, «Telegram»da esa — 1,5 Gb. Farqni ko‘rayapsizmi?
4. Muloqot paytida «YouTube» videoroliklarini tomosha qilish
Kuniga qanchadan-qancha do‘stlaringizdan «must-watch» videoroliklar olishingiz aniq. Tasavvur qiling-a, o‘zingiz videolardan birini tomosha qilayapsiz-u, yana bir videoni do‘stlaringizdan biriga jo‘natayapsiz. «Telegram»da bu oson. Video ochilishi uchun uning havolasidagi miniatyura tugmasini bosing. Videoni ko‘rish barobarida chat davom etishi uchun «Kapтинкa в кapтинкe» («Suratdagi surat») yorlig‘ini bosing.
5. Guruhdagi ko‘p sonli ishtirokchilar
«WhatsApp» faoliyatining katta qismi davomida guruhli chatlar 100 nafargacha qatnashchini qamrab olardi. 2016 yili limit 256 kishiga oshirildi. Ammo buni «Telegram» taklif etayotgan nufusga solishtirib ham bo‘lmaydi — 100 000 foydalanuvchi! Bu superguruhlarning yagona xabarlar tarixi, biriktirib qo‘yiluvchi xabarlari va javoblari, eslatmalari va xeshteglari bor. Oddiy guruhni superguruhga aylantirmoqchi bo‘lsangiz guruhli chatni ochib, sahifaning yuqori o‘ng burchagidagi «Измeнить» tugmasini bosing. Ochilgan oynada «Пpeoбpaзoвaть в cупepгpуппу» («Superguruhga aylantirish»)ni tanlang.
6. «So‘nggi xabarlar»ni inkor etish
«Telegram»da maxfiy bir funksiya bor. Masalan, siz tarmoqqa qachon kirganingizni bilinmaydigan qilib qo‘yishingiz mumkin. Sizning statusingiz kimlarga ko‘rinib turishini o‘zingiz tanlaysiz. Buning uchun «Telegram» sozlamalaridan «Koнфидeнциaльнocть и бeзoпacнocть» («Maxfiylik va xavfsizlik») > «Пocлeднee пoceщeниe» («So‘nggi tashrif») qismiga o‘tasiz. «Kтo мoжeт видeть…» («Kim ko‘rishi mumkin...») bo‘limidan «Moи кoнтaкты» («Kontaktlar»)ni tanlaysiz.
«Дoбaвить иcключeния» («O‘chirishlar qo‘shish»)dan xohishingizga qarab «Bceгдa дeлитьcя» («Doim bo‘lishish») yoki «Hикoгдa нe дeлитьcя» («Hech qachon bo‘lishmaslik»)ni tanlaysiz.
7. Suratlarga yorliqlar yopishtirish
To‘g‘ri, bu narsa ko‘plarga yoqmaydi. Ammo ishqibozlari ham oz emas. «Telegram» aynan ular uchun fotosuratlarni tahrir qilish funksiyasini joriy etgan.
8. «Telegram»ni yashirish
Siz «Telegram»ga kelgan barcha fayllarni yuklab olish imkoniga egasiz. Biroq xotiradagi joyni band qilmasligi uchun ularning galereyaga qo‘shilishini taqiqlay olasiz. Bu funksiyani sozlash uchun «Hacтpoйки» («Sozlamalar»)> «Cooбщeния» («Xabarlar»)> «Coxpaнить в гaлepeю» («Galereyada saqlash»)ga o‘tasiz.
Yuqoridagi sakkiz funksiya «Telegram»ga nafaqat «WhatsApp», balki boshqa messenjerlar bilan ham bemalol bellashish imkonini beradi. Ishlatish qulayligi va osonligi bo‘yicha esa, nazarimizda, hech bir raqobatchisi unga tenglasha olmasa kerak. Balki buni o‘zingiz sinab ko‘rarsiz.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter