Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qaysi oziq-ovqat mahsulotlari aynimaydi?

Qaysi oziq-ovqat mahsulotlari aynimaydi?

Foto: «Depositphotos»

Arxeologlar tasdiqlashicha, ko‘plab qazilma ishlari vaqtida asalli idishlar topilgan. Asalari mahsuloti bir necha ming yil saqlangan bo‘lishiga qaramay, iste’molga yaroqli bo‘lgan. Biroq asaldan tashqari sayyoramizda abadiy yaroqlilik muddatiga ega boshqa oziq-ovqat mahsulotlari ham bor. Ular to‘g‘risida «Rambler» ma’lumot berdi.

Asal

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, asal tabiiy holda olib qo‘yilsa, ya’ni boshqa hech nima, hatto, suv ham qo‘shilmasa, mangu saqlanishi mumkin. Hamma gap shundaki, asal o‘ziga xos gigroskopiklik xususiyatiga ega. U atrof-muhitdagi namlikni shimib oladi. Aynan namlik tufayli boshqa oziq-ovqatlar aynib qoladi.

(Kaliforniya universiteti asal va changlatish markazi tadqiqotchisi Amina Xarrisning «Inosmi» saytiga ma’lum qilishicha, chirish va shunga o‘xshash jarayonda ishtirok etuvchi hamda mahsulotlarning aynishiga olib keluvchi bakteriya va boshqa mikroorganizmlar asalli muhitda yashay olmaydi. Ustiga-ustak, asalning haddan tashqari kislotaliligi tananing uzoq vaqt yashashiga yo‘l qo‘ymaydi.

Guruch

Guruch ham eng ko‘p saqlash muddatiga ega mahsulotlardan biri. Biroq guruch uzoq vaqtgacha iste’molga yaroqli bo‘lib qolishi uchun qo‘ng‘ir emas, aynan ishlov berilgan oq guruchni tanlash kerak. Qo‘ng‘ir guruch qobig‘ida namlik ko‘p bo‘lgani uchun u yarim yilgacha ham saqlanmaydi. Oq guruchni esa qariyb 30 yil davomida iste’mol qilish mumkin. Yuta universiteti mutaxassislari ana shunday xulosaga kelishgan. Ularning aniqlashicha, guruch 4,5 daraja haroratda og‘zi kislorod kirmaydigan qilib yopiladigan plastik idishda saqlansa, ushbu mahsulot bir necha o‘n yilgacha aynimasligi mumkin.

Tuz va shakar

Bu ikki sochiluvchan mahsulot ham vaqtni pisand qilmaydi. Ko‘pchilik aynigan tuz yoki shakarni tasavvuriga ham keltirolmasa kerak. Biroq ularning bitta dushmani bor — bu namlik. Mahsulotlardagi aynan nam muhit tufayli bakteriya va mikroorganizmlar ko‘payadi. Biroq tuz bilan shakar tegishlicha saqlansa, uzoq yillar iste’molga yaroqli bo‘lib qolaveradi. Ustiga-ustak, garchi tuz namlikni o‘ziga shimib olsa-da, shundan keyin toshdek qotadi. Yaxshiyam, uni maydalab, yana oziq-ovqatga ishlatsa bo‘ladi.

Sirka

Sirka — sayyoramizdagi eng qadimgi mahsulotlardan biri. «Eat By Date» nashrining xabar berishicha, uning saqlanish muddati hech qachon tugamaydi. Bu asosan oq sirkaga taalluqli. Bejizga u mahsulotlarni konservalashda ishlatilmaydi. Agar sirkani g‘amlab qo‘yishga qaror qilgan bo‘lsangiz, idishni ochmang. Yorug‘lik va issiqlikdan narida, qorong‘i va salqin joyda saqlang.

Loviya

Amerikadagi Brigama Yanga nomli xususiy universitet xodimlari abadiy mahsulotlar sirasiga oddiy quritilgan loviyani ham kiritishdi. Ko‘p yillik tadqiqot natijalariga ko‘ra, loviya hatto 30 yildan keyin ham butunligini yo‘qotmagan va iste’molga to‘liq yaroqli bo‘lgan. Shu bois dukkakli mahsulotlarni uzoq vaqtgacha saqlash uchun ayni muddao hisoblanadi.

Zarang daraxti siropi

Zarang daraxti siropi, ayniqsa, Qo‘shma Shtatlarda juda ommalashgan. Massachusetsda ushbu mahsulotni ishlab chiqaruvchi Assotsiatsiya a’zolarining fikricha, uni tabiiy holda mangu saqlash mumkin. Faqat mutaxassislarning ta’kidlashicha, siropli idishni ochmaslik kerak. Siropni sovitkichda saqlash lozim. Muzxonaga solib qo‘yilsa, yanada yaxshi. U hech qachon muzga aylanmaydi: uni xohlagan vaqtda eritmasdan iste’mol qilish mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring