O‘zbekistonda birinchi quyosh elektr stansiyasi xalqaro «Yashil energiya» sertifikatlari tizimida ro‘yxatga olindi

Kecha, 30-iyul kuni Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutida «O‘zbekistonning uzoq muddatli kam uglerodli rivojlanish strategiyasi va yashil energiya sertifikatlash tizimi» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, xususiy sektor va banklarning vakillari ishtirok etib, uzoq muddatli «uglerod neytralligi»ga erishish strategiyasini ishlab chiqish hamda «yashil sertifikat» tizimini mukammallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Davra suhbati davomida I-TRACK jamg‘armasi va Yashil iqtisodiyot loyihalari markazi tomonidan I-RES sertifikatlari tizimi, uning ahamiyati hamda O‘zbekistondagi joriy holat bo‘yicha taqdimot qilindi.
Shu bilan birga, Yevropa Ittifoqi hududiga import qilinadigan tovarlarga nisbatan uglerod solig‘ini nazarda tutuvchi «Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi» (CBAM) 2026-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kirganidan so‘ng Yevropaga eksport qiladigan mahalliy korxonalarga ushbu mexanizmning ta’siri, bunda «yashil energiya» sertifikatlarining ahamiyati to‘g‘risida ham so‘z bordi.
Ma’lumot uchun: «Transchegaraviy uglerodni tartibga solish mexanizmi» (Carbon Border Adjustment Mechanism — CBAM) — Yevropa Ittifoqi (YeI)ga import qilinadigan mahsulotlarni ishlab chiqarishda atmosferaga chiqarilgan issiqxona gazlari hajmiga muvofiq uglerod solig‘ini qo‘llash mexanizmi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda «Texnopark» MChJ o‘rtasida «yashil energiya» sertifikatlari — I-RES(E)ni chiqarish, mamlakatda ilk bor quyosh fotoelektr stansiyasini xalqaro I-RES sertifikatlari tizimida ro‘yxatga olish uchun shartnoma imzolandi hamda «Texnopark»ka rasmiy sertifikat topshirildi.
Endilikda «Texnopark» MChJ tomonidan o‘rnatilgan, umumiy quvvati 823 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun xalqaro I-RES(E) sertifikatlarini muomalaga chiqarish imkoni yaratildi.
Barqarorlik va ekologik mas’uliyatni oshirish istagi va xohishi bor har qanday kompaniya uchun bugun mamlakatimizda bunday imkoniyat mavjud.
I-REC(E) nima va u qanday ishlaydi?
I-REC(E) sertifikati — qayta tiklanuvchi manbasida ishlab chiqarilgan har 1000 kilovatt-soat (kVT/s) elektr energiyasini tasdiqlovchi raqamli hujjat. Sertifikatlar quyidagi afzalliklarga ega:
Birinchidan, qayta tiklanuvchi energiya manbasini, ya’ni quyosh, shamol yoki gidroelektr stansiyalarini ishga tushirgan yuridik va jismoniy shaxslar o‘z obyektini I-REC tizimida ro‘yxatga olish orqali qo‘shimcha daromad olishi mumkin. Bundan tashqari «Yashil energiya» sertifikatlari savdosi ushbu subyektlarga qo‘shimcha «yashil» moliyaviy resurslarini jalb qilish imkoniyatini oshirib, ekologik barqarorlik hamda yashil iqtisodiyotga o‘tish yo‘nalishlaridagi sa’y-harakatlarini ham mustahkamlaydi.
Ikkinchidan, I-REC(E) sertifikatlari uni xarid qilgan (foydalangan) mahalliy ishlab chiqaruvchilarga xalqaro bozorga chiqishda yordam beradi, eksport yo‘nalishida raqobatbardoshlikni oshiradi, Ekologik, ijtimoiy va korporativ boshqaruv (ESG) tamoyillariga mos keluvchi biznes muhitini yaxshilaydi, xorijiy investorlarni jalb qilish va banklar uchun ochiqlik va ishonchlilikni oshiradi. Sertifikatlarning yana bir foydasi shundaki, ular orqali kompaniya va tashkilotlar o‘zining toza energiyadan foydalanishini ochiq-oydin ko‘rsata oladi.
Uchinchidan, sertifikatlarning o‘zini xorijiy korxonalarga eksport qilish imkoniyati ham mavjud. Joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda chiqarilgan «yashil energiya» sertifikatlari ilk bor eksport qilindi.
Mazkur tizim dunyo bo‘ylab 60 ga yaqin mamlakatda ishga tushirilgan bo‘lib, 200 milliondan ortiq sertifikat muomalaga chiqarilgan.
Bugungi kunda mamlakatimizda «O‘zbekgidroenergo» aksiyadorlik jamiyatining umumiy quvvati 962 MVt bo‘lgan 4 ta gidroelektr stansiyasi xalqaro I-REC tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
So‘nggi bir yarim yil ichida O‘zbekistonda 344 835 ta «yashil energiya» sertifikati muomalaga chiqarildi.
«Texnopark»ning quyosh stansiyasi O‘zbekistonda I-REC tizimida ro‘yxatdan o‘tgan birinchi quyosh energiya manbai hisoblanadi.
Sertifikatlarni xarid qilish va foydalanish borasida esa, birinchilardan bo‘lib, O‘zsanoatqurilishbank, British-American Tobacco Uzbekistan, VorleyParsons, Energoqurilishindustriya, Slisk, Knauf, UzAuto Motors va Navoiyuran kabi kompaniyalar I-REC sertifikatlaridan foydalanib kelmoqda.
Hozirda, I-RES(E) sertifikatlari yuzasidan mamlakatda faoliyat yuritayotgan va yuritishni rejalashtirayotgan yengil sanoat korxonalari, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari (Data Centre) kabi salohiyatli foydalanuvchilar ham qiziqish bildirmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter