150 dan oshiq rahbar ishdan olindi, 700 nafariga intizomiy chora ko‘rildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallalarga yangi muhit olib kirish hamda «mahalla yettiligi» faoliyatini yangicha tashkil qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.
Davlatimiz rahbari bu yil infratuzilmani yaxshilash, odamlar va tadbirkorlar uchun sharoit yaratish maqsadida tumanlarga o‘rtacha 250 milliard so‘mdan, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘mdan mablag‘ berilganini ta’kidladi.
Tuman hokimlari va mahalla raislarining tushum bo‘yicha vakolatlari kengaytirilgani natijasida hududda qoladigan qo‘shimcha daromad 2 barobargacha ko‘paydi. Tumanlarda o‘rtacha 22 milliard so‘mdan qo‘shimcha mablag‘ qoldi, mahalla budjetiga esa o‘rtacha 150-200 million so‘m tushdi.
«Lo‘nda aytganda, hududdagi masalalarni hal qilish uchun hokimda ham, mahalla raisida ham, umuman, «yettilik»ning har bir vakilida resurs va vakolat bor. Yetishmayotgan jihat – mas’uliyat va tashabbuskorlik», – dedi Prezident.
Ayrim tumanlarda amalga oshirilayotgan loyihalarda kambag‘al oilalar ishtiroki 15 foizga ham yetmayapti. Qorao‘zak, Marhamat, Mirishkor, Nurobod va Termiz tumanlari misolida bu boradagi sustkashliklar ko‘rsatib o‘tildi.
Achinarlisi, 960 ta kambag‘al oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham ehtiyojmand odam doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada esa bankirlar xonadonbay yurib, loyiha qilmagan, tadbirkorlar bilan uchrashmagan.
Shuning uchun yil boshidan mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilmagan 152 nafar rahbar ishdan olindi, yana 700 nafariga intizomiy chora ko‘rildi.
Mahallalarda soliq tushumlari, jinoyatchilikni jilovlash va aholi muammolarini hal etish bo‘yicha ham mas’ullarga savollar qo‘yildi. Davlatimiz rahbari mahalla odamlar uchun chinakam «ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi» bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter