Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Abdulla Aripov Dushanbeda Emomali Rahmon bilan uchrashdi

Abdulla Aripov Dushanbeda Emomali Rahmon bilan uchrashdi

Foto: Gov.uz

11-mart kuni Dushanbe shahrida Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi.

Tojikiston rahbari O‘zbekiston delegatsiyasining Dushanbega tashrifi hamkorlik istiqbollarini belgilash nuqtai nazaridan muhim ekanini, shuningdek so‘nggi yillarda ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona aloqalar jadal rivojlanib borayotganini ta’kidladi.

Bosh vazir, dastlab, Prezident Emomali Rahmonga O‘zbekiston Yetakchisi Shavkat Mirziyoyevning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazar ekan, ikki Davlat rahbarlari o‘rtasidagi ochiq va ishonchli muloqot mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, 2022-yil iyun oyida O‘zbekistonda Oliy darajada bo‘lib o‘tgan uchrashuv doirasida tarixiy hujjat – Abadiy do‘stlik va ittifoqchilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya qabul qilingani va boshqa muhim kelishuvlar ikki birodar xalqlarimiz manfaatlariga to‘la javob berishini qayd etdi.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda yangi loyihalarni izchil amalga oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring