Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Birinchi Prezidentning sobiq matbuot kotibi: «Yasama raqam va hisobotlar bilan yaltillatilgan iqtisodiyotning sekin-asta yemirilib borishi sir emasdi»

Birinchi Prezidentning sobiq matbuot kotibi: «Yasama raqam va hisobotlar bilan yaltillatilgan iqtisodiyotning sekin-asta yemirilib borishi sir emasdi»

Azamat Ziyo Oliy Majlis Qonunchilik palatasi O‘zMTDP fraksiyasi yig‘ilishida

Foto: «Milliy tiklanish» gazetasi

O‘zbekiston Oliy Majlis qonunchilik palatasi deputati, tarix fanlari doktori, professor Azamat Ziyo o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning parlamentga murojaatnomasiga munosabat bildirdi. «Xabar.uz» axborot-tahliliy portali muallif ruxsati bilan uning maqolasidan ayrim iqtiboslar keltirmoqda.

O‘z vaqtida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning matbuot kotibi sifatida faoliyat ko‘rsatgan deputat  maqolasida mustaqillik yillarida yo‘l qo‘yilgan xatolarni tanqid qildi:

«O‘zbek davlatchiligi tarixini o‘rganib kelayotgan mutaxassis sifatida aytar so‘zimiz: xoh siyosat, xoh ilmu madaniyat bo‘lsin, o‘tmishda buyuk arboblarimiz, allomalarimiz, tengsiz kashfiyot, yutuqlarimiz shunchalar ko‘p bo‘lganki, bu borada uncha-muncha millat biz bilan tenglasholmaydi! Lekin bugun qani ular, qani? Amir Temur barpo etgan ulug‘ va ilg‘or saltanat qani? Temuriylar uyg‘onish davri qayerda qoldi? Matematika, astronomiya, optika, mineralogiya, tibbiyot, kimyo, adabiyot, san’at, shaharsozlik va yana qancha yo‘nalishlarda olamni olam qilgan marralarlar qayda qoldi? Bari ortda qoldi, esdalikka aylandi. Nega shunday bo‘ldi? Tasodif va taqdirga ishonib yashaganimiz uchun shunday bo‘ldi. Daholarni kutib, kelganida ularga sajda qilib yashaganimiz uchun shunday bo‘ldi. Arboblarimiz o‘z elini umid va qo‘rquvda tutgani uchun, xalqni olomon, poda, o‘zini esa yaratganning yerdagi soyasi, deb bilganlari uchun shunday bo‘ldi. Fuqarolarining ko‘zini ochmaganlari, g‘aflat uyqusidan uyg‘otmaganlari (balki bundan manfaatdor bo‘lganlari), «maydalab yut» qoidasini o‘z jamiyatlariga nisbatan qo‘llaganlari, dunyo peshqadamlari bilan hamnafas va hamfikr bo‘lolmaganlari, «odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashni istashi»dek oddiy haqiqatni tan olishni istamaganlari uchun shunday bo‘ldi. Eng muhimi va achinarlisi, qo‘rqoqni botir, yalqovni g‘ayratli, bilimlini aqlli, nochorni ijodkor, umumlashtirganda esa odamni shaxs, olomonni millat etuvchi ulkan kuch – har bir bandaning ichki «men»i toptalgani uchun shunday bo‘ldi. Oqibatda qahramon shoiru dehqoni, serunvon olimu ulamosidan tortib oddiy (?) fuqarosigacha birdek bandaligicha qolaverdi. Negaki, bo‘ynidan bog‘langan jonivor ovga yaramaganidek, tabiiy, aqliy qudrati nechog‘lik ulkan bo‘lmasin, «men»i kishanlangan inson va jamiyat ham ulug‘ ishlar u yoqda tursin, hatto o‘z aravasini tortishni eplay olmaydi!»

Azamat Ziyo, shuningdek, «iqtisodiy siyosatda noreal raqamlar ortidan quvish, amalga oshmaydigan xomxayollarni haqiqat sifatida taqdim etishdek noma’qul ish uslubi tanqidiy qayta ko‘rib chiqilgani»ga alohida e’tibor qaratgan:

«Iqtisodiyot har qanday jamiyatning asosi, boshqa yo‘nalish va omillar unga tayanishi, unga bog‘liqligidan kelib chiqilsa, mazkur o‘zgarishning hayotimizning turli sohalariga naqadar amaliy ta’sir o‘tkazishini oldindan chamalash qiyinmas. Hatto, biz tanqidiy baholaydigan xonliklar zamonida ham bo‘lmagan, tagida yo‘q narsani qog‘ozda bor qilish va unga boshqalarni ham ishontirishga urinish mustamlaka davrimizning sovet rejimiga xos edi. Soxta g‘oya, qaram millatlar qatori o‘z xalqini ham ezish negizida qurilgan imperiyaning ertami-kech qulash jarayonini aynan yasama raqam va hisobotlar bilan yaltillatilgan iqtisodiyotning sekin-asta yemirilib borishi boshlab bergani ham sir emas. Boshqa masalalarda ko‘zni shamg‘alat qilish mumkindir, ammo ro‘zg‘orda bunday yondashuv ketmaydi. «Qozonda bori cho‘michga chiqadi» hikmati bejiz emas», — deb yozadi muallif.

Azamat Ziyo o‘tgan yillarda hamma ko‘rib-bilib turgan muammolar borligi yuqori doiralarda tan olingan bo‘lsa-da, buni hal etish choralari ko‘rilmaganini ta’kidlaydi:

Iqtisodiy ko‘rsatkichlardagi aldamchilik usiz yashay va rivojlanolmaydigan tarmoqlarda ham aks sado berishi tabiiy edi. Shuning uchun ham tibbiyotda Yevropa mamlakatlaridan ham «o‘zib ketdik», demokratiyada butun dunyoga «ibrat bo‘ldik», Alisher Navoiyni ulug‘ladik, u jon kuydirgan tilni o‘z holiga tashlab qo‘ydik, jurnalist dadil bo‘lsin, dedik, muharrirni esa halim qildik, innovatsiyalar zaruratini tan oldik, ammo ilm-fan tizimini tubdan o‘zgartirishdan qochdik, o‘zi yetishtirgan hosilini o‘zi sotolmasligini oldindan bilgan bobo dehqonni haqiqiy yer egasi, mehnat teri bilan topgan foydasini bankdan ololmaydigan, olganda ham uch-to‘rt tanga berishga majbur tadbirkorni haqiqiy mulkdor qilmoqchi bo‘ldik...

Azamat Ziyo

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring