Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Bitta voqea — ikki xil nigoh, ikki xil baho

Bitta voqea — ikki xil nigoh, ikki xil baho

Illyustrativ foto.

Foto: «Xabar.uz»

Afrikada yashovchi qabilalardan birining vakili bilan suhbatda «yaxshi va yomon deganda nimani tushunasan?» deya savol berilgan. Gottentot qabilasidan bo‘lgan bir erkak «Agar qo‘shni qabiladagi bosqinchi uyimga hujum qilib, xotinimni zo‘rlasa va mollarimni haydab ketsa — bu yomon» deya javob bergan. Yaxshi nimaligi to‘g‘risidagi savolga esa: «Agar men qo‘shnimning chaylasiga hujum qilib, uning xotiniyu mollariga egalik qilib olsam — bu yaxshi» deb javob qaytargan. Agar ikki xil standartlar faqat ongi haminqadar bo‘lgan aborigenlar ishi, deb o‘ylasangiz qattiq adashasiz. Bunday uslub dunyo katta siyosatiga shu qadar singib ketganki, eshitib hayron qolasiz.

Tarix bunday voqealarga juda ko‘p guvoh bo‘lgan. O‘n birinchi asrda Rim papasi Urban II hammani Salb urushlariga chorlaganida bu yurishlarni «Muqaddas urush» deya ataydi va barcha qatnashchilar gunohlaridan kechirilishini e’lon qilib yuboradi. Sharqda ko‘plab qirg‘inlarga sabab bo‘lgan bu harakatlarga nafaqat ritsarlar, balki oddiy dehqonlar va hatto bolalar ham jalb etilgan edi hamda ularning aksariyati nima muqaddasligini tushunmay qurbon bo‘lib ketishdi. Aleksandr Dyumaning «Dartanyan va uch mushketyor» asaridagi eng yovuz obraz bo‘lgan kardinal Rishele hayotda ham yashab o‘tgan. Bir kuni unga qarata «xoinsan» deyishganida «Xoinlik – ertami kechmi albatta sodir etiladi, faqat masala unga qachon va qayerda baho berishda xolos» deya javob bergan.

Zamonaviy siyosatda ham bunday mashhur iboralar talaygina — «ular uchun — urush, biz uchun — tinchlik uchun kurash; ular uchun — interventlar, biz uchun — baynalmilalchi jangchilar; biz uchun — razvedkachilar, ular uchun — josuslar» shular jumlasidandir.

Ikki xil standartlar — bir xil vaziyatga bir baho beruvchi tomonidan ayni shu vaziyatni sodir etuvchilar ikki tomon bo‘lganida ikki xil baho berish bo‘lib, davlat rahbarlari, yirik siyosatchilar tomonidan amalga oshirilsa-da, odatda hech qachon tan olinmaydi.

Dunyo siyosatida kim eng faol bo‘lsa, shu ikki xil standartlarga ham ko‘proq yo‘l qo‘yadi. Bu borada Rossiya va AQSh o‘rtasidagi tortishuv jarayoni yaqqol misol bo‘la oladi. «Terrorizmga qarshi kurash» degan g‘oyaning o‘zi shu qadar turlicha talqin qilinadiki, go‘yo buning oxiri yo‘qdek. Aslida terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha ishlar Islom dinini niqob qilgan ekstremistlarga qarshi harakatlardan ancha oldinroq AQSh tomonidan boshlangan. Farqi shundaki, prezident Reyganning bu g‘oya ostidagi harakatlari asosan sovuq urush davrida SSSRga qarshi qaratilgan va sobiq ittifoq qaysi davlatni qo‘llasa yoki qaysi davlat ittifoqni qo‘llasa, shu davlatlarda «terrorchilikka qarshi kurash» boshlangan. Yaqqol misol – Afg‘oniston. Sobiq ittifoq bu davlatda harbiy harakatlar olib borganida AQSh SSSRga qarshi kuchlarni faol qo‘llab-quvvatlagan. Yillar o‘tib, AQShning o‘zi ham ayni shu davlatda urush ochdi va bu urush hanuz davom etyapti. Eng qizig‘i, hozir ham «terrorchilikka qarshi kurash» g‘oyasi ostida harakat qilinmoqda.

Suriyani olaylik. Ayni shu davlatga IShIDga qarshi Rossiya ham, AQSh ham qo‘shin kiritdi. Bir qarashda dushman ham, maqsad ham bitta. Ammo ikki tomonga tegishli ommaviy axborot vositalarini kuzatsangiz, shunchalik chalkashib ketasizki, go‘yo har bir davlatning o‘zi terrorizmni yengib tashlayotgan qahramon-u, raqibi faqat tinch aholini bombalayotgan yovuzdan o‘zga emas.

Rossiya terrorchi deya hukm chiqargan Ahmad Zakayevga Angliya, Ilyos Ahmadovga AQSh siyosiy boshpana bergani qiziq bo‘lsa, AQShning sirlarini oshkor qilgan va davlatning birinchi raqamli dushmaniga aylanib qolgan Edvard Snoudenni Rossiya o‘z panohiga olgani undan-da qiziq.

Yoki Iroq urushini tahlil qilsak. Saddam Husaynning o‘ta shafqatsizligi, terrorchilarni qo‘llashi va ommaviy qirg‘in quroliga ega ekanligi vaj qilinib, bu davlat tuzumini o‘zgartirib, demokratik jamiyat qurish g‘oyasi bilan urush boshlandi. Saddam Husayn qatl etildi, ommaviy qirg‘in quroli sifatida BMT kengashiga taqdim etilgan shishachadagi modda shunchaki oddiy kukun ekanligi ma’lum bo‘ldi, Saddam Husayn davrida qattiq nazorat izdan chiqishi bilan hosil bo‘lgan vakuumni IShID kabi terrorchilarning g‘oyalari egalladi. Hozir demokratiyaning hidi ham kelmayotgan bu davlat uzluksiz teraktlar va urushlar girdobiga tortilib ketdi. Tabiiyki, raqiblar bir voqeaga ikki xil nigoh uslubidan voz kechmadilar.

Usta siyosatchilar har qanday urushni oqlay biladilar, har qanday g‘oyani oldga sura oladilar. Ammo qo‘shstandartlar jabrini odatda faqat oddiy odamlar ko‘rishadi.

Abror Zohidov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring