«Bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan» — Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryoga tashrifi chog‘ida oilaviy bolalar uyi tashkil etgan ota-onalar — Husan Xolliyev va Gulbahor Xonimova, Shokir Suyunov va Gulbahor Hamidova, Baxtiyor To‘rayev va Gulbahor Allanazarova oilalari bilan uchrashdi.
Qashqadaryo viloyatida birinchilardan bo‘lib, Kitob tumanidagi 5-son va Qamashidagi 4-son Mehribonlik uylari yopildi. U yerda tarbiyalanganlarning bir qismi yaqinlari bag‘riga qaytgan bo‘lsa, bir qismi oilaviy bolalar uylariga qabul qilingan.
«Davlatimiz siyosatini amalga oshirib, bolalarning boshini silab, oilangiz bag‘riga olganingiz uchun sizlarga ta’zim qilib, rahmat aytaman. Siz o‘zligimizni, xalqimiz ma’naviyatini namoyon etib, namuna bo‘lyapsiz. Bu qiyin, buni hamma ham tushunmasligi mumkin. Lekin bu savob ishning ajru mukofoti juda ulkan. Siz tarix yaratyapsiz, o‘zingizga ma’naviy haykal qo‘yyapsiz. Xalqimiz bunday olijanob fazilatlarni yuksak qadrlaydi», dedi Shavkat Mirziyoyev.
«Hayot o‘nqir-cho‘nqir, sinovlardan iborat. Hozir sizlar uchun sinov. Lekin, men ishonaman, kelajakda tengdoshlaringga o‘rnak bo‘lasizlar. Mehnat, mashaqqatsiz muvaffaqiyatga erishib bo‘lmaydi. Men ham bolaligimda qiyinchilik ko‘rib, katta bo‘lganman. Sizlar har doim davlatimizning e’tiborida bo‘lasiz: ta’lim-tarbiyangiz, o‘qishlarga kirishingizni nazoratga olamiz. Xudo xohlasa, kamolingizni ko‘rish hammamizga nasib etsin», deya davlat rahbari bolajonlarga ham dalda berdi..
Qashqadaryo viloyatida jami 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan bo‘lib, ularda 98 nafar o‘g‘il-qiz mehr og‘ushiga olingan. Prezident ushbu oilalarga ham minnatdorlik bildirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter