Buyuk Britaniya O‘zbekistonga Qurolli kuchlarni takomillashtirishda yordam beradi

15-fevral kuni Xavfsizlik bo‘yicha Myunxen konferensiyasida ishtirok etayotgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Gevin Aleksandr Uilyamson bilan uchrashdi.
Tashqi ishlar vazirligi xabarida aytilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston-Buyuk Britaniya aloqalari holati va kengaytirish istiqbollari, ayrim xalqaro va mintaqaviy muammolar, jumladan, hozirgi xatar va xavfsizlikka tahdidlar bilan kurashish masalalari muhokama qilingan.
G.Uilyamson O‘zbekiston Mudofaa vazirligi tizimidagi islohotlar jarayoniga, jumladan, Qurolli kuchlarni takomillashtirish va harbiy xizmatchilar malakasini oshirishga yordam ko‘rsatishga tayyorligi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Britaniya vaziri rasmiy London tomonidan 2018-yil mart oyida Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent konferensiyasining natijalarini qo‘llab-quvvatlanishini ta’kidladi. Ushbu tadbirda xalqaro hamjamiyatda Afg‘onistonda tinch siyosiy jarayonni boshlashga yordam berish zarurligi to‘g‘risida umumiy fikrga erishilgan edi.
Bundan tashqari, G.Uilyamson Afg‘oniston bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya maslahatlashuvlarini ikki tomonlama munosabatlarning muhim mexanizmi deb atadi va Buyuk Britaniyaning ushbu yo‘nalishda yanada yaqin hamkorlik qilishga tayyorligini qayd etdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter