Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«YeI siyosatida maxfiy kun tartibi yo‘q» – Sharl Mishel Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara tafsilotlarini ochiqladi

«YeI siyosatida maxfiy kun tartibi yo‘q» – Sharl Mishel Shavkat Mirziyoyev bilan muzokara tafsilotlarini ochiqladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Men O‘zbekiston rahbariyati Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikni izchil rivojlantirishga xayrixoh ekaniga amin bo‘ldim», dedi Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel bugun, 28 oktyabr kuni Toshkentda jurnalistlar bilan uchrashuvda. Yevropalik oliy martabali mehmon kunning birinchi qismida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralar samarali kechganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikka oid muhim masalalar, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik mavzular muhokama etilgan.

  1. O‘zbekiston TIV V.Norov, Yevropa kengashi rahbari Sh.Mishel va YeI elchisi Sh.Adrian jurnalistlar bilan uchrashuvda. Foto: «Xabar.uz»

«Biz Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash borasida O‘zbekiston rahbariyatining o‘rnini qadrlaymiz. Zero, mintaqaviy hamkorliksiz taraqqiyotga erishib bo‘lmaydi», – dedi Sh.Mishel.

Siyosiy yetakchilar muloqoti davomida, shuningdek, Ukraina va Rossiya urushi oqibatida yuzaga kelgan energetika inqirozi, oziq-ovqat xavfsizligi masalalariga e’tibor qaratilgan. Bundan tashqari, inson huquqlari, so‘z erkinligi yo‘nalishidagi islohotlar borasida fikrlashilgan.

Avval xabar berganimizdek, joriy yil 6 iyulda Bryussel shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (KShHTB) parafirlash (dastlabki imzolash) marosimi bo‘lib o‘tdi.

Yevropa kengashi rahbari yangi bitim o‘zaro iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarishiga ishonch bildirdi.

«O‘zbekiston – tabiiy ma’danlarga boy mamlakat. Qolaversa, muhim jug‘rofiy hududda joylashgan: mamlakat YeI hamda Osiyoni o‘zaro bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘taydi. Bu esa o‘zaro robitalarimizni yanada mustahkamlashga undovchi omillarga sirasiga kiradi», – dedi Yevropa kengashi rahbari.

Joriy yil 18 noyabr kuni Samarqandda «Global darvoza» strategiyasi doirasida Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ilk mintaqaviy anjuman o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sh.Mishel ushbu anjumanda yashil iqtisodiyot, raqamlashtirish, transport va logistika kabi masalalar bo‘yicha muhim amaliy takliflar muhokama etilishini urg‘uladi.

Tashrif doirasida YeI delegatsiyasining Toshkentdagi yangi ofisi ochildi. Foto: Xabar.uz

«Ta’kidlashni istardimki, YeIning mintaqa bo‘yicha siyosatida qandaydir yashirin kun tartibi mavjud emas. Biz Yevropa qadriyatlariga tayangan holda xavfsizlik va barqarorlik yo‘lida hamkorlik tarafdorimiz», – dedi oliy martabali mehmon.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa kengashi rahbari 27 oktyabr kuni mamlakatimizga tashrif buyurdi. 28 oktyabr kuni  «Ko‘ksaroy» qarorgohida Shavkat Mirziyoyev hamda Sharl Mishel ishtirokida oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

«YeI – urushni tinchlikka, nafratni birdamlikka aylantira olgan betakror loyihadir». Martin Shuls, Yevropa parlamentining 2012-2017 yillardagi raisi. Foto: Xabar.uz

Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuvda mamlakatimizdagi demokratik yangilanishlar va iqtisodiy islohotlarni, eng avvalo, innovatsiyalar, «yashil» iqtisodiyot, raqamlashtirish sohalarida amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Sh.Mishel «Ko‘ksaroy» qarorgohining Faxriy mehmonlar xiyobonida daraxt ham ekdi.

Oliy martabali mehmon tashrif yakunida Samarqandning tarixiy-me’moriy obidalari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring