Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Elchi AQShning O‘zbekistonga nisbatan siyosati mohiyatiga oydinlik kiritdi

Elchi AQShning O‘zbekistonga nisbatan siyosati mohiyatiga oydinlik kiritdi

Jonatan Henik.

Foto: AQSh elchixonasi

AQSh va O‘zbekiston o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalar hech qachon hozirgidek yuqori darajada bo‘lmagan va ushbu robitalar kun sayin mustahkamlanmoqda, deydi Qo‘shma Shtatlarning yurtimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Henik Toshkentda 25 sentyabr kuni o‘tkazilgan inson huquqlari hisobotlari taqdimotida.

Diplomat Vashingtonning Toshkentga nisbatan yuritayotgan siyosati nimaga qaratilganiga oydinlik kiritdi.

«Qo‘shma Shtatlar hukumati va O‘zbekistondagi elchixonamiz siyosati juda oddiy: bizning siyosatimiz prezident Shavkat Mirziyoyevning yanada xavfsiz, yanada farovon va yanada demokratik Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lida O‘zbekistonda olib borayotgan islohotlar dasturi va qarashlarini qo‘llab-quvvatlashdan iboratdir», – dedi J.Henik.

AQSh elchisining 19 sentyabr kuni Toshkentda mahalliy jurnalistlar bilan uchrashuvi ayrim OAV va ijtimoiy tarmoqlarda turlicha talqin etilgan edi. Jonatan Henik o‘z chiqishida bunga ham munosabat bildirdi.

Diplomatga ko‘ra, OAV bilan shaffof va ochiq tarzda muloqot normal holat hisoblanadi, normal voqelikka salbiy tus berish esa o‘sha talqin egalarining o‘zi shunday motivlarga ega ekaniga ishora etadi.

Elchi AQSh tomonidan dunyo mamlakatlarida inson huquqlari holati bo‘yicha tayyorlanadigan yillik hisobotlar masalasiga ham to‘xtaldi.

«Hisobotlarni tayyorlashimiz boisi shuki, bu butun dunyo bo‘ylab tashqi siyosatimizning ajralmas qismi sanaladi. Gap shundaki, biz Kongress qonunchiligiga muvofiq bu hisobotlarni tayyorlashimiz lozim. Ya’ni Davlat departamentiga har yili shunday hisobotlarni tayyorlash vazifasi yuklangan», – dedi diplomat.

J.Henik hisobotlarni tayyorlashda xorijiy davlatlar tashqi siyosat mahkamalari, jumladan, O‘zbekiston TIV bilan muloqot muhim ahamiyat kasb etishini aytgan.

Ta’kidlanishicha, Vashington tomonidan dunyo mamlakatlaridagi inson huquqlari holatiga doir hisobotlar e’lon qilinishi Qo‘shma Shtatlar jahonda inson huquqlari bo‘yicha eng peshqadam davlat, bu borada nuqsonlardan xoli degan qarashni ifodalamaydi.

Hisobotlar hozirlanishi Kongress talabi va inson huquqlari oliy qadriyat ekani izohlanadi.

O‘z vatanida ham inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar mavjudligini e’tirof etgan elchi har qanday davlat AQShdagi bu kabi muammolarni asosli ravishda tanqid qilishga haqli ekanini qayd etgan.

Tadbir doirasida inson huquqlari umumiy holatiga doir, shuningdek, diniy erkinliklar, odam savdosi va bolalar mehnati masalalariga oid hisobotlar taqdim etilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring